Namozda imomdan oldin bosh ko‘tarish

Assalomu alaykum! Namozda imomdan oldin bosh ko‘tarsa namoz buzuladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Harom ishni qilgan bo‘ladi, namoz buzulmaydi. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: أَمَا يَخْشَى الَّذِي يرَفَعُ رَأْسَهُ قَبْلَ الْإِمَامِ أَنْ يُحَوِّلَ اللهُ رَأْسَهُ رَأْسَ حِمَارٍ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Boshini imomdan oldin ko‘taradigan odam Alloh boshini eshakning boshiga aylantirib qo‘yishidan qo‘rqmaydimi?» dedilar». 
Beshovlari rivoyat qilgan.
Sharh: Bu iqtido qiluvchi namoz amallarini, jumladan, boshini sajdadan ko‘tarishni imomdan oldin qilishi harom ekaniga dalolat qiladi. Hadisdagi tahdid imomdan oldin bosh ko‘taradigan odamning boshini haqiqatdan ham eshakning boshiga aylantirib qo‘yilishi yoki fahmsizlikda eshak miya bo‘lib qolishi haqida bo‘lishi mumkin.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir kuni bizga namozga o‘tdilar. Namozni ado etib bo‘lganlaridan keyin bizga yuzlarini burib: «Ey, odamlar, albatta, men sizning imomingizman, mendan oldin ruku’ ham, sajda ham, qiyom ham, chiqish ham qilmang. Bas, albatta, men sizlarni oldimdan ham, ortimdan ham ko‘rurman», dedilar. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

12 May 2022, 08:01 | Savol-javoblar | 160 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar