Kibr xaqida

Assalomu alaykum! Yaxshi kiyinib yurish, yaxshi ot minib yurish, o‘ziga e’tibor berib yurish bu insonning odati deyilgan. Lekin xaqni tan olmaslik bu kibr deyilgan. Shu gapda xaq nima nazarda tutilyapdi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom!عَنْ عَبْدِ اللهِ رضي الله عنه ، عَنِ النَّبِيِّ صلي الله عليه وسلم قَالَ: لَا يَدْخُلُ الْجَنَّةَ مَنْ كَانَ فِي قَلْبِهِ مِثْقَالُ ذَرَّةٍ مِنْ كِبْرٍ». قَالَ رَجُلٌ: إِنَّ الرَّجُلَ يُحِبُّ أَنْ يَكُونَ ثَوْبُهُ حَسَنًا وَنَعْلُهُ حَسَنًا. قَالَ: «إِنَّ اللهَ جَمِيلٌ يُحِبُّ الْجَمَالَ، الْكِبْرُ بَطَرُ الْحَقِّ وَغَمْطُ النَّاسِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Qalbida zarra og‘irligida kibri bor kishi jannatga kirmaydi», dedilar».
«Ey Allohning Rasuli, kishi kiyimi go‘zal bo‘lishini, poyabzali go‘zal bo‘lishini yoqtiradi-ku?» dedi bir odam.
«Albatta, Alloh go‘zaldir va go‘zallikni sevadi. Kibr haqni inkor qilish va odamlarni haqir sanashdir», dedilar».
Muslim va Termiziy rivoyat qilishgan. 
Sharh: Bu hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam qalbida zarra og‘irligida kibri bor kishi jannatga kirmasligi haqida xabar berish bilan birga, sahobalarning savollariga javob tariqasida kibrni ta’riflab ham bermoqdalar.
Sahobai kiromlar orasta va go‘zal kiyinish ham kibr hisoblanadi shekilli, degan gumonga borib qolgan ekanlar. Shuning uchun ulardan birlari Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan:
«Ey Allohning Rasuli! Kishi kiyimi go‘zal bo‘lishini, poyabzali go‘zal bo‘lishini yoqtiradi-ku?» deb so‘radi.
«Albatta, Alloh go‘zaldir va go‘zallikni sevadir», dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu savolga javob berar ekanlar. Kishining o‘zini kamtar tutgan holda go‘zal kiyinishi go‘zallikni sevuvchi Alloh subhanahu va taolo sevgan ishga amal qilgani bo‘ladi. Musulmon insonning go‘zal kiyinishi zinhor kibrlanish emas.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Albatta, Alloh go‘zaldir va go‘zallikni sevadir», degan gaplari mo‘min-musulmonlarning muomalaviy hayotlaridagi bosh shiorlari bo‘lishi kerak.
Albatta, bunda kibrdan chetlanish shartdir. Buni amalga oshirish uchun kibr nimadan iborat ekanini yaxshi bilib olish zarur. Uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha ta’riflamoqdalar:
«Kibr – haqni inkor qilish va odamlarni past sanashdir».
Demak, haqni inkor qilish va odamlarni pastga urish kibr ekan. Mo‘min-musulmon kishi birovga jabr qiluvchi, kibrlanuvchi bo‘lmasligi kerak. Aksincha, o‘zini kamtar tutishi, hammani teng ko‘rishi, mutavoze’ bo‘lishi lozim. (“Hadis va Hayot” kitobidan).  
Haqdan murod bu Alloh taoloning buyruq va qaytariqlaridir. Vallohu a’lam!

13 May 2022, 08:22 | Savol-javoblar | 197 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar