O‘lgan insonni molini exson qilish

Assalomu alaykum! Bir tanishim Isro surasida "O‘lganning molini uchdan birini exson qiling" mazmunida oyat bor yani shu oyatdan dalil olingan, inson o‘lgan kuni (Isqot-puli) malum miqdorda odamlarga pul tarqatiladi (biz tomonda qadimdan shunaqa) dedi. Bu qanchalik to‘g‘ri, shu xaqida bilmoqchi edik bu xaqida yana qanaqa diniy xukum axkomlar mavjud. Qur’ondagi bu oyatni asli manosi va tafsiri xaqida malumot bersangiz.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Isro surasida siz aytayotgan mazmunda oyat mavjud emas.
Mayyitdan qolgan merosning taqsim qilinadigan, sarflanadigan o‘z o‘rinlari mavjud bo‘lib, undan boshqa joyga berilsa, shariat asosida taqsimlangan hisoblanmaydi. Ulamolar meros moliga taalluqli bo‘lgan haqlarni to‘rtta deb belgilaganlar:
1. Mayyitni kafanlash, tajhiz(dafnga tayyorlash) va to dafn etilguncha bo‘ladigan xarajatlarga merosdan isrof yoki o‘ta baxillik qilmasdan sarflanadi. Ya’ni, bunga mayyitni g‘usl qildirishdan to oxirgi manziliga eltib qo‘yilguncha bo‘lgan harajatlar kiradi. Bu mayyitning ahvoliga, erkak yoki ayolligi va boy yoki kambag‘alligiga qarab bir-biridan farq qiladi.
2. Kafanlash va tajhiz (dafnga tayyorlash)dan ortib qolgan barcha merosdan mayyitning bandalardan  bo‘lgan qarzlari ado qilinadi. «Merosdan bandalardan bo‘lgan qarzlarini ado etiladi» degan so‘z  bizning mazhabimizga ko‘radir. Boshqa uch mazhabga ko‘ra esa, bandalardan bo‘lgan qarzi bilan birga Allohning haqqi bo‘lgan zakot, ushr, nazr kabi qarzlari ham merosdan ado etiladi.
Bizning (hanafiylarning) hujjatimiz quyidagichadir:
Zakot, ushr, kafforat kabi amallarni ado etish ibodatdir. Ma’lumki, ibodatlar o‘lim bilan insondan soqit bo‘ladi. Zero, ibodatni ado etishga niyat va ixtiyor lozim. Niyat va ixtiyor mayyitdan sodir bo‘lmaydi. Zakot, ushr kabi haqlar o‘lim bilan insondan soqit bo‘lsada, u bularni tark etgani uchun gunohkor hisoblanib, oxiratda iqobga duchor bo‘lishi mumkin. Agar mayyit tiriklik vaqtida oldin tark qilgan zakot, ushr kabi qarzlari merosdan ado etishni vasiyat qilgan bo‘lsa, barcha mazhablar ittifoqi bilan bu vasiyatni ijro etiladi.
3. Mayyitning qarzlari ado etilgandan so‘ng, qilgan vasiyatlarini merosning uchdan bir qismi doirasida ijro qilinadi. Ya’ni, kafanlash va dafn bilan bog‘liq xarajatlar va qarzlardan ortgan merosning uchdan bir miqdorida vasiyat ado qilinadi. Agar mayyitni vasiyati uchdan birdan ko‘proq bo‘lsa, bunda vorislarning roziligi e’tiborga olinadi. Agar vorislar uchdan birdan ortig‘iga rozi bo‘lsalar qolgan qismida ham vasiyat amalga oshiriladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Sa’d ibn Abu Vaqqos molining barchasini vasiyat qilaman deganida, «Uchdan birga ruxsat, lekin bu ham ko‘p. Sen vorislaringni boy holda qoldirishing, ularni kambag‘al qilib, odamlardan so‘raydigan qilib qoldirishingdan yaxshiroqdir» dedilar.
Yana boshqa hadisda: «Alloh taolo sizlarga amallaringizni ziyoda qilib olishlaringiz uchun vafot etayotgan paytingizda molingizni uchdan birini (ehson) sadaqa qildi» deganlar. Ya’ni, molingizni uchdan birini vasiyat qilishingiz mumkin.
 4. Oldingi uch haq ado qilingandan keyin qolgan merosni mayyitning vorislari orasida Qur’on, sunnat va ijmo’ ko‘rsatmalariga muvofiq taqsim qilinadi. Vallohu a’lam!

14 May 2022, 09:50 | Savol-javoblar | 153 | Boshqa ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar