Namoz ichida o‘zbekcha duo qilish

Assalomu alaykum! Namozda hayolim boshqa joyda ketib sajdadan qiyomga turganimda bilmasdan namozda kirishga o‘zbekcha duoni boshlab yuboribman(o‘zimga eshitiladigan darajada). Esimga tushgandan to‘xtab Fotihani aytib davom ettirib ketdim. Namozim buzildimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Namozingizni qazosini qayta o‘qib oling. “Kifoya” kitobidan quyidagicha keladi: NAMOZNI BUZUVChI NARSALAR Namozni quyidagi narsalar buzadi:
1. Mutlaq kalom.

Namozda qasddanmi, unutibmi, bilmasdanmi, xato tariqasidami yoki majburanmi, gapirilsa, u botil bo‘ladi. Bu narsa ikki harfni yoki fahmlasa bo‘ladigan bir harfni nutq qilish bilan bo‘ladi.
Bu hukmning dalili:عَنْ زَيْدِ بْنِ أَرْقَمَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ كُنَّا نَتَكَلَّمُ فِي الصَّلَاةِ، يُكَلِّمُ الرَّجُلُ صَاحِبَهُ وَهُوَ إِلَى جَنْبِهِ فِي الصَّلَاةِ، حَتَّى نَزَلَتْ وَقُومُواْ لِلّهِ قَانِتِينَ بِالسُّكُوتِ، وَنُهِينَا عَنِ الْكَلَامِ رَوَاهُ الْخَمْسَةُ  Zayd ibn Arqam roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Namozda so‘zlashaverar edik. Kishi namozda yonidagi sherigiga gapiraverar edi. Nihoyat «Alloh uchun toat ila jim turinglar» oyati nozil bo‘lganda sukut saqlashga amr qilindik, gapdan nahiy qilindik».
Beshovlari rivoyat qilishgan.
2. Qasddan berilgan salom va unga alik olish.
Qasddan salom berish namozni buzishiga dalil:عَنْ عَبْدِ اللهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ كُنَّا نُسَلِّمُ عَلَى النَّبِيّ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ  وَهُوَ فِي الصَّلَاةِ فَيَرُدُّ عَلَيْنَا، فَلَمَّا رَجَعْنَا مِنْ عِنْدِ النَّجَاشِيِّ سَلَّمْنَا عَلَيْهِ فَلَمْ يَرُدَّ عَلَيْنَا، فَقُلْنَا يَا رَسُولَ اللهِ، كُنَّا نُسَلِّمُ عَلَيْكَ فَتَرُدُّ عَلَيْنَا فَقَالَ «إِنَّ فِي الصَّلَاةِ شُغْلًا» رَوَاهُ الشَّيْخَانِ وَلِمُسْلِمٍ وَأَبِي دَاوُدَ وَأَحْمَدَ «إِنَّ هَذِهِ الصَّلَاةَ لَا يَحِلُّ فِيهَا شَيْءٌ مِنْ كَلَامِ النَّاسِ، إِنَّمَا هُوَ التَّسْبِيحُ وَالتَّكْبِيرُ وَقِرَاءَةُ الْقُرْآنِ  Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam namozdalik chog‘larida u zotga salom berar edik, u zot alik olar edilar. Najoshiyning huzuridan qaytgach, u zotga salom bersak, alik olmadilar. Shunda biz:
«Ey Allohning Rasuli, sizga salom bersak, alik olardingiz?» dedik. U zot:
«Albatta, namozda mashg‘ullik bor», dedilar».
Ikki shayx rivoyat qilishgan.
Muslim, Abu Dovud va Ahmad keltirgan rivoyatda:
«Albatta, bu namozda odamlarning kalomidan hech narsa mumkin emas. U faqat tasbeh, takbir va Qur’on qiroatidan iboratdir», deyilgan.
Noqasddan birovga salom berish namozni buzmaydi, chunki salom xitobni o‘z ichiga olgan zikrdir. Bas, u qasddan bo‘lganda odamlarga xitobligi e’tiborga olinadi va namoz buziladi. Noqasddan bo‘lgan holatda esa zikrligi e’tiborga olinadi va namoz buzilmaydi. Salomning zikrligi tashahhudda o‘qilishidir.
Ammo alik olganda qasddan bo‘lsa ham, noqasddan bo‘lsa ham, namoz buziladi. Chunki alikning lafzi namozning zikrida yo‘q.
3. Ingrash va shunga o‘xshash ovozli narsalar.
Oh urish va uf tortishga o‘xshash narsalar ham ikki harfdan iborat bo‘lsa, namozni buzadi. Bu narsalar bemorlik, dunyo ishi uchun bo‘lsa, namoz buziladi. Ammo oxirat uchun bo‘lsa, buzilmaydi. Bemor o‘zini tutib tura olmasa ham buzilmaydi.  Vallohu a’lam!

25 May 2022, 15:52 | Savol-javoblar | 156 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar