Qur’onda koinotga chiqqanlar haqida

Assalomu alaykum! Aziz ustozlar, Yuriy Gagarinnig koinotga chiqishi haqida muqaddas kitobimiz Qur’oni karimda yozilganmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Hijr” surasi 14-15-oyatlarida dunyo ahliga osmon eshigi ochilib, unga ko‘tarilganlarida birinchi aytadigan so‘zlarini zikr qilgan. Gagarinni chiqishi haqida kelmagan. وَلَوْ فَتَحْنَا عَلَيْهِم بَابًا مِّنَ السَّمَاء فَظَلُّواْ فِيهِ يَعْرُجُونَ۝ 14. Agar ularga osmondan bir eshik ochsag-u, kuppa-kunduzi unga ko‘tarilib tursalar ham: لَقَالُواْ إِنَّمَا سُكِّرَتْ أَبْصَارُنَا بَلْ نَحْنُ قَوْمٌ مَّسْحُورُونَ۝ 15. «Albatta, ko‘zlarimiz bog‘landi, balki, biz sehrlangan qavmdirmiz», – derlar. Demak, ularning iymon keltirmayotganlariga sabab dalil-hujjat etishmasligi emas. Balki o‘zlaridagi mavjud kasallik, mutakabbirlik, sarkashlik va g‘ofillik sababdir. Hozir ular «Farishta tushsa edi, u bo‘lsa yoki bu bo‘lsa edi», deyishadi-yu, ammo aytganlaridan ham kattaroq narsa bo‘lib: «Agar ularga osmondan bir eshik ochsag-u, kuppa-kunduzi unga ko‘tarilib tursalar ham», iymon keltirmaydilar. Bitta farishtani tushirish tugul, osmondan eshik ochib, o‘zlarini osmonga chiqib turadigan, farishtalarga aralashib yuradigan qilib qo‘ysak ham, iymon keltirmay, boshqa bir bahona topadilar. «Albatta, ko‘zlarimiz bog‘landi, balki, biz sehrlangan qavmdirmiz», – derlar». Ya’ni «Mana, aytganimizdan ham ziyoda bo‘ldi. Biz bir dona farishta tushishini so‘ragan edik, osmondan eshik ochib, o‘zimizni chiqarib qo‘ydi. Endi hamma farishtalarni ko‘rmoqdamiz. Allohning borligi, hamma narsaga qodirligi, payg‘ambar yuborishi ham, Kitob nozil qilgani ham haq ekan, biz Muhammad alayhissalomga va Qur’onga iymon keltirishimiz lozim ekan», –demaydilar. «Bu ko‘rayotganimiz haqiqat emas, bizning ko‘zimiz bog‘landi, sehrlanib qoldik, shuning uchun ko‘zimizga bu narsalar ko‘rinmoqda», – deydilar. Barcha kofirlarning odati shudir. Ularning ko‘ziga Allohning haqligi haqidagi ochiq-oydin mo‘’jiza ko‘rsatilib, qo‘liga ushlatib qo‘yilsa ham, «Ehtimol, udir, ehtimol, budir, balki, tabiat qonunini men tushunmayotgandirman», deb turaveradilar. Ayniqsa, hozirgi zamon kofirlari bunday gaplarga ustadirlar. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

27 Aprel 2022, 20:25 | Savol-javoblar | 157 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar