Ayollarning exson dasturxoni yozishga ruxsati

Assalomu alaykum! Yaqin birodarimiz shu yil boshida vafot etdilar (Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin). Voyaga etgan va xali uzatilmagan 3 nafar qiz farzandlari va zavjalari ketlaridan qoldilar. Bu oilada o‘g‘il nasib etmagan ekan, shu sabab janozalari o‘qilgandan keyin birinchi 10 kun vaqt ichida, marxumning o‘g‘il jiyanlari, yor-birodarlari va ukalari yordamida xamma kerakli marosimlarni o‘tqazib berildi. Bulardan - qo‘y so‘yilib qurbonliq qilindi, mehmonlar taklif etilib exson dasturxon yozilib, erkaklarga amru ma’ruf va ayollarga movlud o‘qildi, faqir-miskinlarga sadaqa berildi, zakot farzi bajarildi va x.k. Ayrim vaqt o‘tgach, zavjalari "40 kunlik vaqt o‘tdi va shu sabab yana exson dasturxoni ochilib, yurtga osh beramiz" deb aytib qoldilar. O‘shanda marxumni ukalari "bunday marosim majburiy deb xisoblanmidi va shariat qoidalariga muvofiq xurofot deb xisoblanadi" deb aytdilar. "Uni ustiga siz nafaqadasiz va qizlarizni uzatish qarzingiz va majburiyatingiz xali oldinda, ortiqcha sarf xarajatni nima qilasiz" deb aytganlarida, ayollari "unda qizlarim bilan o‘zimiz domla chaqirib qilamiz" dedilar. Savol. Uyda erkak kishi yo‘q bo‘lsa, marxumni ayollari exson dasturxonini yozib, maxalla erkaklarini chaqirishlarga ruxsat berilganmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bunday qilmasinlar. Har qancha ehsoni bo‘lsa qizlariga qilsin. Qizlaridan ortsa ko‘proq savob bo‘ladigan, muhtoj oilalarga erining nomidan naqd pul yoki masalliqlar shaklida yordam bersin. Bu ehsonlarning eng a’losi bo‘ladi. Mahalla faollariga ham aytinglar, tekin osh bor ekan deb hamma xonadonlarga ham borishavermasin. Mabodo ular oldiga maslahatga kelishsa ular to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishsin. Shariatimizda oqsoqol tayinlash targ‘ib qilingan ishlardan hisoblanadi. Oqsoqolni zimmasiga ulkn xizmatlar yuklatilgan bo‘ladi. Vazifalaridan biri shariatni puxta o‘rganib mahallasidagi xonadonlarni holatini to‘g‘ri baholash va shariatga zid holatlarini o‘nglash. Mahalladagi ba’zi kishilar o‘zlari izhor qilolmayotgan ehtiyojlarini o‘rganib, qo‘lidan kelsa o‘zlari, agar kelmasa boshaqalarga dalolat qilish, shariatga zid ishlaridan qaytarishdir. Shu ishlarni qilsa ulkan ajrga ega bo‘ladi, agar kamchilikka yo‘l qo‘yilsa do‘zaxga tushishga mustahiq bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Oqsoqollik haqdir(zimmasidagilarni to‘liq ado qilmasa), oqsoqollar do‘zaxdadir” deganlar. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 20:08 | Savol-javoblar | 161 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar