Ukam emikdosh qizga uylanmoqchi

Assalomu alaykum! Mening ukam go‘dakligida xolamni bir marta emgan ekan. Hozir xolamning qizlari bilan bir-birini yoqtirishadi. Sizlar oila qurolmaysiz, desak ham ukam tushunmayapti. Dadamlar ham olamdan o‘tib ketganlar, onam ham bo‘lmaydi, mumkin emas, dedilar. Iltimos, sizlarning javobingizni ko‘rsataman.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Vaalaykum assalom! Ularning nikohlari bog‘lanmaydi. Alloh taolo “Niso” surasida marhamat qiladi:  حُرِّمَتْ عَلَيْكُمْ أُمَّهَاتُكُمْ وَبَنَاتُكُمْ وَأَخَوَاتُكُمْ وَعَمَّاتُكُمْ وَخَالاَتُكُمْ وَبَنَاتُ الأَخِ وَبَنَاتُ الأُخْتِ وَأُمَّهَاتُكُمُ اللاَّتِي أَرْضَعْنَكُمْ وَأَخَوَاتُكُم مِّنَ الرَّضَاعَةِ وَأُمَّهَاتُ نِسَآئِكُمْ وَرَبَائِبُكُمُ اللاَّتِي فِي حُجُورِكُم مِّن نِّسَآئِكُمُ اللاَّتِي دَخَلْتُم بِهِنَّ فَإِن لَّمْ تَكُونُواْ دَخَلْتُم بِهِنَّ فَلاَ جُنَاحَ عَلَيْكُمْ وَحَلاَئِلُ أَبْنَائِكُمُ الَّذِينَ مِنْ أَصْلاَبِكُمْ وَأَن تَجْمَعُواْ بَيْنَ الأُخْتَيْنِ إَلاَّ مَا قَدْ سَلَفَ إِنَّ اللّهَ كَانَ غَفُورًا رَّحِيمًا۝ 23. Sizlarga onalaringiz, qizlaringiz, opa-singillaringiz, ammalaringiz, xolalaringiz, aka-ukalaringizning qizlari, opa-singillaringizning qizlari, emizgan onalaringiz, emikdosh opa-singillaringiz, xotinlaringizning onalari, o‘zingiz qovushgan xotinlaringizning qaramog‘ingizdagi qizlari – agar u(xotin)lar bilan qovushmagan bo‘lsangiz, sizga gunoh yo‘q – va pushtingizdan bo‘lgan o‘g‘illaringizning xotinlari hamda opa-singilni jamlamog‘ingiz harom qilindi. Magar avval o‘tgan bo‘lsa, mayli. Albatta, Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir.
Emizish tufayli nikohi harom bo‘lgan ayollar:
 «...emizgan onalaringiz, emikdosh opa-singillaringiz»ning nikohi harom qilindi.
Bu jumlada emish orqali nikohi harom bo‘lgan ayollar zikr qilinmoqda. Oyati karimada faqat ikki toifa – emish tufayli aslga aylangan, ya’ni ona bo‘lganlar va ularning shoxobchalari bo‘lmish emikdosh opa-singillargina zikr qilinmoqda. Payg‘ambarimiz alayhissalom esa bu borada: «Nasab jihatidan (nikohi) harom bo‘lganlar emish jihatidan ham harom bo‘ladilar», – deganlar. Ya’ni nasab jihatidan qaysi toifadagi ayollarning nikohi harom bo‘lsa, emish tufayli ham o‘sha toifalarning nikohi harom bo‘ladi. Bunday hukmlar ostiga kiradigan emish shuki, ikki yoshdan kichik bo‘lgan go‘dakning onasidan boshqa sutli ayolni to‘yib emishidir. Ana o‘shanda u ayol bolaning onasiga, u ayolning eri bolaning otasiga, u ayolning bolalari esa uni emgan bolaning aka-ukasi va opa-singillariga aylanadilar. Shuningdek, ayolning boshqa qarindoshlari ham uni emgan bolaga xesh bo‘ladilar. Bu hukmning hikmati to‘laligicha Allohning O‘ziga ma’lum. Ba’zi hikmatlari esa ushbu oyati karima nozil bo‘lganidan bir necha asrlar o‘tib, ma’lum bo‘ldi. Go‘dakning suyagi va eti ona sutidan shakllanar ekan. Bir onaning sutini emib katta bo‘lgan insonlarning fiziologik xususiyatlari bir xilda shakllangani tufayli ular orasida nikoh aloqasi bog‘lansa, o‘zlariga ham, ulardan bo‘lgan bolalarga ham katta zarar bo‘ladi. Buni musulmonlardan boshqalar endi-endi tushunib kelmoqdalar. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 01:47 | Savol-javoblar | 159 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar