Avval eshitgan hadis

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, men bir hadisni chamasi 15 yil  oldin o‘qiganman. Bugun shunga o‘xshash bir hadisni eshitdim. Qaysi biri sahihligini bilmoqchiman. Hadisni eslaganimcha yozib beraman. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollari(adashmasam Oisha onamiz) bilan tunda ko‘chada turishganida ularni 2 kishi ko‘rib  qoldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga qarab bu meni ayolim(yomon xayollarga bormasligi uchun) deb aytgan. Shundan so‘ng hijob oyati tushgan. Eslaganimcha yozdim(uzr).
2). Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uylariga xar xil odamlar bir yumush bilan kelishgan. Shunda Umar roziyallohu anhu uyizga yaxshi yomon odam kiryapti, Oisha onamizi yonizda o‘tirmasligini so‘raydi va shundan so‘ng hijob oyati nozil bo‘ladi(qisqacha yozdim). Bu ikkala hadis sahihdur balkim, balki hijobda adashgandurman. Aniklik kiritib bersangizlar, iltimos.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Imom Buxoriy, Muslim va boshqalar keltirgan rivoyatda Sofiya onamiz roziyallohu anho aytadilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam masjidda e’tikof o‘tirgan edilar. Men kechasi u kishining ziyoratlariga keldim. Bir oz gaplashdim, so‘ng uyim tomon turdim. U kishi meni kuzatgani men bilan turdilar. (U kishining (Sofiyaning) uyi Usoma ibn Zaydning maskanida edi). Bas, ansoriylardan ikki kishi o‘tib qoldi. Ular Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni ko‘rishlari bilan tezlab qoldilar. Shunda u zot: «Ikkovingiz shoshilmang, bu Sofiya binti Huyaydir», dedilar. «Subhanalloh! Ey Allohning Rasuli!» deyishdi. «Albatta, shayton insonning qon yurar joyida yuradi. Men u sizning qalbingizga biror narsani yoki yomonlikni otishidan qo‘rqdim», dedilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning e’tikof o‘tirgan bo‘lsalar ham, Sofiya binti Huyay onamizni kuzatib chiqishlari u zotning bu onamizni yuqori darajada qadrlashlarining yorqin dalilidir. ("Hadis va Hayot" kitobidan). عَنْ عَائِشَةَ رَضِي اللهُ عَنْها: أَنَّ أَزْوَاجَ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كُنَّ يَخْرُجْنَ بِاللَّيْلِ إِذَا تَبَرَّزْنَ إِلَى الْمَنَاصِعِ - وَهُوَ صَعِيدٌ أَفْيَحُ - فَكَانَ عُمَرُ يَقُولُ لِلنَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: احْجُبْ نِسَاءَكَ. فَلَمْ يَكُنْ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَفْعَلُ، فَخَرَجَتْ سَوْدَةُ بِنْتُ زَمْعَةَ زَوْجُ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَيْلَةً مِنَ اللَّيَالِي عِشَاءً، وَكَانَتِ امْرَأَةً طَوِيلَةً، فَنَادَاهَا عُمَرُ: أَلَا قَدْ عَرَفْنَاكِ يَا سَوْدَةُ. حِرْصًا عَلَى أَنْ يَنْزِلَ الْحِجَابُ، فَأَنْزَلَ اللهُ آيَةَ الْحِجَابِ Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ayollari qazoi hojat uchun tunda manosi’ga* chiqishardi. U baland va keng joydir. Umar Nabiy sollallohu alayhi vasallamga: «Ayollaringizni parda ortiga oling», der edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa buni qilmas edilar. Kechalarning birida Nabiy sollallohu alayhi vasallamning jufti halollari Savda binti Zam’a oqshom vaqti tashqariga chiqdi. U bo‘yi uzun ayol edi. Umar hijob (haqida oyat) tushishini qattiq istaganidan unga: «Hoy Savda, biz seni tanib bo‘ldik!» deb baqirdi. Keyin Alloh hijob oyatini nozil qildi». •    «Manosi’» deb aslida baland va keng joyga aytiladi. Bu erda esa o‘sha davrda Madina shahri tashqarisidagi qazoi hojat uchun chiqiladigan maxsus kenglik nazarda tutilgan. (“Oltin silsila” kitobidan Sahihul Buxoriy). Alloh taolo “Ahzob” surasida: يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لَا تَدْخُلُوا بُيُوتَ النَّبِيِّ إِلَّا أَن يُؤْذَنَ لَكُمْ إِلَى طَعَامٍ غَيْرَ نَاظِرِينَ إِنَاهُ وَلَكِنْ إِذَا دُعِيتُمْ فَادْخُلُوا فَإِذَا طَعِمْتُمْ فَانتَشِرُوا وَلَا مُسْتَأْنِسِينَ لِحَدِيثٍ إِنَّ ذَلِكُمْ كَانَ يُؤْذِي النَّبِيَّ فَيَسْتَحْيِي مِنكُمْ وَاللَّهُ لَا يَسْتَحْيِي مِنَ الْحَقِّ وَإِذَا سَأَلْتُمُوهُنَّ مَتَاعًا فَاسْأَلُوهُنَّ مِن وَرَاء حِجَابٍ ذَلِكُمْ أَطْهَرُ لِقُلُوبِكُمْ وَقُلُوبِهِنَّ وَمَا كَانَ لَكُمْ أَن تُؤْذُوا رَسُولَ اللَّهِ وَلَا أَن تَنكِحُوا أَزْوَاجَهُ مِن بَعْدِهِ أَبَدًا إِنَّ ذَلِكُمْ كَانَ عِندَ اللَّهِ عَظِيمًا۝ 53. Ey iymon keltirganlar! Nabiyning uylariga kirmang. Sizlarga taomga izn berilganidagina, uning pishishiga muntazir bo‘lmaydigan bo‘lib (kiring). Lekin chaqirilsangiz, kiring-da, taomni eb bo‘lishingiz bilan tarqalib keting, gapga berilib, (qolib) ketmang. Albatta, bunday qilishingiz Nabiyga ozor berur. U esa sizlardan hayo qilardi. Alloh haq(ni aytish)dan hayo qilmaydir. Qachonki ulardan biror narsa so‘rasangiz, parda ortidan so‘rang. Shunday qilmog‘ingiz o‘z qalblaringiz uchun ham, ularning qalblari uchun ham pokroqdir. Siz uchun Rasulullohga ozor berish va undan keyin uning juftlarini nikohingizga olishingiz hech qachon mumkin emas. Albatta, bunday qilmog‘ingiz Allohning nazdida buyuk(gunoh)dir. Ushbu oyati karimaning ma’nolarini yana ham chuqurroq anglab etishimiz uchun uning nozil bo‘lish sababini o‘rganib chiqaylik. Imom Buxoriy va imom Muslimlar qilgan rivoyatda mashhur sahobiy Anas ibn Molik roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallam Zaynab binti Jahsh onamizga uylangan kunlari nimalar bo‘lgani haqida quyidagilarni aytadilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uylanib, o‘z ahllarining huzuriga kirganlarida, onam xiys (taomning turi) qilib, tavr (idish)ga solib: «Ey Anas, mana buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga olib borgin-da, «Buni sizga onam berib yubordi, u kishi sizga salom aytdilar va mana shu ozgina narsa bizdan sizga, deb aytdilar», – degin», – dedilar. Men uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga olib borib: – Onam sizga salom aytdilar va mana shu ozgina narsa bizdan sizga, deb aytdilar, – dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: – Uni qo‘y, – dedilar. So‘ngra: – Endi borib, Falonchi, Falonchilarni va yo‘lda uchratgan odamlaringni ham aytib kel, – deb bir qancha odamlarning ismlarini aytdilar. Men u zot aytgan odamlarni va yo‘lda uchratganlarimni chaqirib keldim (Odamlar «Necha kishi edilar?» – deb so‘raganlarida, Anas roziyallohu anhu: «Uch yuz kishicha bor edi», – deganlar). Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: – Ey Anas, tavrni olib kel, – dedilar. Suffa va hujra odamlarga to‘lib ketgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: – O‘nta-o‘ntadan xalqa bo‘lib o‘tiringlar, har kim o‘z oldidan esin, – dedilar. Hammalari eb, to‘ydilar. Bir guruhi chiqib, bir guruhi kirib, hammalari edilar. So‘ng menga: – Ey Anas, ko‘tar, – dedilar. Bilmayman, olib kelib qo‘yganimda ko‘pmidi yoki qaytarib olganimdami. O‘shalardan ba’zi guruhlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uylarida o‘tirib, gaplashib qoldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham o‘tirdilar. Ayollari esa yuzini devorga o‘girib o‘tirardi. Bu holat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga og‘ir kelganidan, tashqariga chiqib, ayollariga salom berib, kirdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qaytib kelganlarini ko‘rgan chog‘larida o‘tirganlar u zotning og‘ir olganlarini bildilar va hammalari eshik tomon yurib, chiqib ketdilar. Rasululloh pardani tushirib, ichkariga kirdilar, men hujrada o‘tirar edim. Sal o‘tmay, oldimga chiqdilar. Alloh u kishiga: «Ey iymon keltirganlar. Nabiyning uylariga kirmang…» oyatini nozil qildi. Rasululloh tashqariga chiqib, odamlarga o‘qib berdilar». «Ey iymon keltirganlar! Nabiyning uylariga kirmang. Taomga izn berilganida, uning pishishiga muntazir bo‘lmaydigan bo‘lib (kiring)». Ya’ni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning uylariga siz uchun taomga izn berilganida, taom pishishini kutib o‘tirmaydigan bo‘lib kiring. Boshqacha aytganda, pishib, tayyor bo‘lib turgan taomni tanovul qilish uchun izn berilganida kiring. «Lekin chaqirilsangiz, kiring-da, taomni eb bo‘lishingiz bilan tarqalib keting, gapga berilib, (qolib) ketmang». O‘sha taom uchun sizga izn berilganida, kirishingiz bilan taomni eb, qaytib chiqib keting. Ovqatni eb bo‘lib ham ulfatchilik uchun gapni cho‘zib o‘tirmang. «Albatta, bunday qilishingiz Nabiyga ozor berur». Ul zot o‘z ahli bilan qolishlari, zimmalaridagi vazifalarni ado etishlari lozim edi. Siz buni e’tiborga olmay, gaplashib o‘tiribsiz. Bu hol Nabiy sollallohu alayhi vasallamni bezovta qilar edi. «U esa sizlardan hayo qilardi». Mehmonlarga «Uydan chiqib ketinglar», deb ayta olmas edi. «Alloh haq(ni aytish)dan hayo qilmaydir». Shuning uchun sizga «Taomni eb bo‘lganingizdan so‘ng gapga berilib o‘tirmay, tezda chiqib keting», – demoqda. «Qachonki ulardan biror narsa so‘rasangiz, parda ortidan so‘rang». Ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ayollaridan biror narsani so‘rasangiz, oldilariga kirib emas, parda ortida turib, so‘rang. Musulmonlarning odobi shunday bo‘lmog‘i kerak. Erkak-ayolning aralash-quralash bo‘lishi oqibatida kelib chiqadigan turli musibatlardan, balo-ofatlardan xoli bo‘lmog‘i lozim. Ayollar ayolligini, erkaklar erkakligini bilishi, har biri o‘zining chegarasida turishi zarur. «Shunday qilmog‘ingiz o‘z qalblaringiz uchun ham, ularning qalblari uchun ham pokroqdir». Erkak kishi bilan nomahram ayol orasida parda bo‘lmasa, qalblarning pokligiga futur etadi. Shuning uchun ham Alloh taolo «shunday qilmog‘ingiz», ya’ni Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ayollaridan biror narsani so‘raganingizda, parda ortidan so‘rashingiz ikki tomonning qalblari uchun ham pokroq, demoqda. «Siz uchun Rasulullohga ozor berish… hech qachon mumkin emas». Ey iymon keltirganlar! Siz uchun Rasulullohga ozor berish hech qachon mumkin emas. Hatto mehmondorchilikdan keyin gaplashib o‘tirib qolib, ozor berishingiz ham mumkin emas. «...va undan keyin uning juftlarini nikohingizga olishingiz hech qachon mumkin emas». Nabiy sollallohu alayhi vasallam vafot etganlaridan keyin ham u zotning zavjai mutohharalaridan birortasiga hech kim uylana olmaydi. «Albatta, bunday qilmog‘ingiz Allohning nazdida buyuk(gunoh)dir». Ya’ni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga ozor bermog‘ingiz, u kishidan keyin u zotning xotinlariga uylanmog‘ingiz katta gunohdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam doimo hurmat va e’zozga musharraf zotdir. Ba’zi bir munofiqlar «Muhammad vafot etganidan keyin, Falonchi xotiniga uylanaman» degan ham ekan. Alloh taolo ana shunga o‘xshash o‘y-fikrlarga ham barham berib, bu masalada gapni uzil-kesil hal qilib qo‘ydi. Payg‘ambarimizdan keyin hech kim, hech qachon u zot sollallohu alayhi vasallamning ayollariga uylana olmasligini e’lon qildi. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 06:13 | Savol-javoblar | 177 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar