iymon chiqib turadigan gunoh

Assalomu alaykum! banda qaysi amallarini qilsa iymoni chiqib turadi
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه، عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: لَا يَزْنِي الزَّانِي حِينَ يَزْنِي وَهُوَ مُؤْمِنٌ، وَلَا يَشْرَبُ الْخَمْرَ حِينَ يَشْرَبُ وَهُوَ مُؤْمِنٌ، وَلَا يَسْرِقُ حِينَ يَسْرِقُ وَهُوَ مُؤْمِنٌ، وَلَا يَنْتَهِبُ نُهْبَةً يَرْفَعُ النَّاسُ إِلَيْهِ فِيهَا أَبْصَارَهُمْ حِينَ يَنْتَهِبُهَا وَهُوَ مُؤْمِنٌ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Zinokor zino qilayotganida mo‘min bo‘lmas, aroqxo‘r aroq ichayotganida mo‘min bo‘lmas, o‘g‘ri o‘g‘rilik qilayotganida mo‘min bo‘lmas, talonchi molni tortib olayotganda, odamlar unga ko‘zlarini tikib, qarab qolganlarida mo‘min bo‘lmas», dedilar». Ikki Shayx rivoyat qilganlar. Sharh: Ushbu hadisi sharifda mo‘minlikka umuman mos kelmaydigan, mo‘min kishi qilishi mutlaqo mumkin bo‘lmagan ba’zi ishlar haqida so‘z bormoqda. Keling, o‘sha ishlar haqida qisqacha mulohaza yuritib ko‘raylik: 1. «Zinokor zino qilayotganida mo‘min bo‘lmas». Zino katta gunohdir. Bu gunoh eng yuqori darajadagi xiyonat hisoblanadi. Xiyonat deganda, Islomda ba’zi xalqlardagi kabi, faqat umr yo‘ldoshiga xiyonat qiluvchi odam tushunilmaydi. Balki keng ma’nodagi xiyonat – Allohga, Rasulga, diynu diyonatga, jamiyatga, kelajak avlodlarga, insoniyatga, o‘ziga va mo‘minlikka xiyonat tushuniladi. Alloh taoloni tanigan odam zino qilmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ummatman, degan odam zino qilmaydi. Diynu diyonatim bor, degan odam zino qilmaydi. O‘z jamiyatimga sodiq a’zoman, degan odam zino qilmaydi. Chunki uning bu ishi u yashab turgan jamiyatga zarar keltiradi. Kelajak avlodlarga yaxshilik qilmoqchi bo‘lgan odam zino qilmaydi. Chunki zino naslning buzilishiga olib boradigan jinoyatdir. Insoniyatga yaxshilik qilmoqchi bo‘lgan inson ham zino qilmaydi. Chunki zino insoniyatga zarar keltiradigan gunohdir. O‘ziga o‘zi yaxshilik qilmoqchi bo‘lgan odam ham zino qilmaydi. Chunki zino zinokorni odamgarchilikdan chiqaradi. Mo‘minlikdan umidi bor odam ham zino qilmaydi. Chunki zino iymonga zid narsadir. Ushbu hadisi sharif ham shunga dalildir. Bu iborani turlicha tushunish mumkin. «Bu ishni qilgan odam kofir bo‘ladi» degan jumladan tortib, eng osoni – «Shu ishni qilayotgan paytida iymoni chiqib turadi», deyishgacha. Iymonli odam uchun iymondan bir lahza ajrashdan ko‘ra kattaroq musiybat yo‘q. 2. «Aroqxo‘r aroq ichayotganida mo‘min bo‘lmas». Zino haqida aytilgan gaplarni aroqxo‘rlik haqida ham aytish mumkin. Aroqxo‘r aroq ichgan paytida undan iymoni chiqib turadi. Shuning uchun ulamolarimiz «Aroq ichib, o‘lib qolgan odamga janoza o‘qilmaydi, chunki u kofir ketgan bo‘ladi», deganlar. Mast holda yiqilib yoki boshqa sababdan o‘lgan odamga «O‘sha aroqdan boshqa narsa sababidan o‘lgan», degan ta’vil bilangina janoza o‘qishga ruxsat berganlar. 3. «O‘g‘ri o‘g‘rilik qilayotganida mo‘min bo‘lmas». Mo‘min bo‘lsa, birovning narsasini o‘g‘irlarmidi?! O‘g‘ri uchun bo‘ladigan eng engil hukm ham «O‘g‘rilik qilayotganda undan iymon chiqib turadi», degan hukmdir. 4. «Talonchi molni tortib olayotganda, odamlar unga ko‘zlarini tikib, qarab qolganlarida mo‘min bo‘lmas». Birovning molini zo‘rlik bilan tortib olish ham eng katta gunohlardandir. Bu ish ham mo‘minlikka hech to‘g‘ri kelmaydigan ish. Birovning mol-mulkini zo‘rlik bilan, nohaqdan tortib oluvchi kishi haqidagi eng engil hukm ham o‘sha paytda undan iymon chiqib turishidir. Shuning uchun hech qachon hech kimning zarracha molini ham nohaqdan olmaslik kerak. Imom Buxoriy Solim roziyallohu anhudan, u kishi otasidan qilgan rivoyatda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Kim erdan nohaqlik bilan bir narsa olsa, qiyomat kuni etti qavat erga yutdirilur», deganlar.(“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 07:28 | Savol-javoblar | 133 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar