G‘uslning tartiblari haqida

Assalomu alaykum! Men yoshligimda bir ilmi uncha buncha bor odamdan g‘usl qilishda aytiladigan niyatni so‘ragandim. Yana yaqinda boshqasidan so‘ragandim, boshqacha aytdi. Savolim shuki g‘usl qilishda qanday niyat aytiladi, qanday boshlanadi qanday tugatiladi? Oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! G‘usl qilishda lafzlar bilan niyat shart emas. Poklanish xayolingizga kelishining o‘zi kifoya qiladi. غَسْلُ فَمِهِ وَأَنْفِهِ وَكُلِّ الْبَدَنِ G‘uslning farzi og‘zini, burnini va butun badanini yuvishdir. Bu jumladan g‘uslning farzi uchta ekani anglab olinadi: 1. Og‘izni chayish. Albatta, og‘izni yaxshilab chayish g‘uslning farzlaridan biri ekani hammaga ma’lum. Busiz g‘usl bo‘lishi mumkin emas. 2. Burunni chayish. Burunni yaxshilab tozalab, mubolag‘a ila chayish ham g‘uslning farzi hisoblanadi. Ro‘zador burunga suv olishda mubolag‘a qilmaydi. 3. Badanning barcha erini yuvish. Butun tanani, biror tukning ostini ham qo‘ymay, suv etkazib yuvish ham g‘uslning farzidir. Fuslning farzligi "Moida" surasidagi quyidagi oyatdan olingan: وَإِن كُنتُمْ جُنُبًا فَاطَّهَّرُواْ «Agar junub bo‘lsangiz, poklaninglar» (6-oyat). Bunda yuvish imkoni bor barcha joyni poklash ma’nosi bordir. Alloh taolo yana "Niso" surasida: وَلاَ جُنُبًا إِلاَّ عَابِرِي سَبِيلٍ حَتَّىَ تَغْتَسِلُواْ «Va junub holingizda ham, to g‘usl qilmaguningizcha (masjidda turmang). Magar yo‘ldan o‘tuvchi bo‘lsa, mayli», degan (43-oyat). Ushbu ikki oyatda og‘iz, burun va badanning barchasini yuvish ma’nosi bor. Uning sunnatlari esa ikki qo‘lini va farjini yuvmog‘i hamda najosatni ketkazmog‘i. So‘ng ikki oyog‘ini qoldirib tahorat qilmog‘i. Keyin badaniga uch marta suv etkazmog‘i. So‘ngra suv to‘plangan joydan boshqa joyda ikki oyog‘ini yuvmog‘i. Uzun o‘rilgan soch egasi sochining asli(osti)ni ho‘llashi kifoyadir. ("Kifoya" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 07:37 | Savol-javoblar | 142 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar