Ustozning darajasiga etish

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, men shu yili Toshkentdagi Singapur Institutining Bizness va Moliya sohasini tamomladim. Oldin Malayziyada o‘qiganman, yoshim 23da , lekin o‘ylab umrim bo‘yi o‘tkazgan vaqtlarimga nazar tashlasam ancha yutqazgandek his qilyapman. Hazratning kitoblarini va boshqa ulamolarning kitoblarini o‘qishni boshlaganimdan beri ularga faqatgina havas bilan qarayman va darajam ulardek bo‘lishini juda ham istayman. Qaniydi agar qayta tug‘ilganimda edi esimni tanishim bilanoq ilm olamiga kirar edim. Misrdagi Al-Azhar yoki Toshkentdagi Oliy Mahadga topshirmoqchiman, lekin tayyorgarlikka ketadigan vaqtni, uylanish kerakligi va ota-onam va yaqinlarimga g‘amxo‘rlik qilish zimmasi bo‘ynimdaligini o‘ylab ilm olamiga kirishga ozgina ikkilanyapman. Savolim shuki menga shunday amallarni aytinglarki men o‘sha amallarni jiddu-jahd bilan umrimning oxirigacha qoldirmasdan ziyodasi bilan bajaray va qiyomatda ulamolar bilan turish nasib qilsin. Javobingiz uchun oldindan rahmat Aziz Ustozlar!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh ta’olo himmatingizga baraka bersin. Bundan ham katta maqsad va ishlarni amalga oshirishingizga Alloh ko‘makchi bo‘lsin. Siz o‘zingiz o‘qigan sohada etuk mutaxassis bo‘lib, mo‘min musulmonlarni xizmatini qilishingiz va o‘sha orqali Allohning diniga xizmat qilib, orzu qilganingiz darajalarga etishingiz mumkin. Har soha vakili o‘zining sohasi doirasida dinu-diyonatga xolis qilsa, in shaa Alloh olimlar darajasiga erishishidan umid qilinadi. Zero sodiqlar, payg‘ambarlar, siddiqlar va shahidlar bilan birga bo‘lishi ta’kidlangan. Siz Hazratimiz rahimahullohning kitoblarini yaxshilab tushunib o‘qing va unga amal qilishga harakatda bo‘ling. Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 21:56 | Savol-javoblar | 133 | Ta’lim va muta’allim
|
Boshqa savol-javoblar