Informatikadan sertifikat

Assalomu alaykum! Xozirgi paytda davlat infonfarmatikani rivojlantirish uchun birnechta xil turdagi sertifikati bo‘lgan informatika o‘qituvchilariga oylik ustama qo‘shib beyapti. Shulardar bittasi Google sertifikati. Va bu sertifikatni boshqa ilimli odamlar pul evaziga o‘qituvchilar nomidan topshirishivoti. Ilimli odam pul ishlavotti o‘qituvchilar esa xar oyligidan ustama xaq olishyapti. Bu ish dinimizda xalolmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Joiz emas. Buni yolg‘on va firib ekanligini va shar’an halol emasligini o‘zingiz ham o‘sha qilib berayotganlar ham qildirayotganlar ham bilib turibsizlarku.عَنْ عَبْدِ اللهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: عَلَيْكُمْ بِالصِّدْقِ، فَإِنَّ الصِّدْقَ يَهْدِي إِلَى الْبِرِّ، وَإِنَّ الْبِرَّ يَهْدِي إِلَى الْجَنَّةِ، وَمَا يَزَالُ الرَّجُلُ يَصْدُقُ وَيَتَحَرَّى الصِّدْقَ حَتَّى يُكْتَبَ عِنْدَ اللهِ صِدِّيقًا، وَإِيَّاكُمْ وَالْكَذِبَ، فَإِنَّ الْكَذِبَ يَهْدِي إِلَى الْفُجُورِ، وَإِنَّ الْفُجُورَ يَهْدِي إِلَى النَّارِ، وَمَا يَزَالُ الرَّجُلُ يَكْذِبُ وَيَتَحَرَّى الْكَذِبَ حَتَّى يُكْتَبَ عِنْدَ اللهِ كَذَّابًا. رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُ.Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Sizlar rostgo‘ylikni lozim tutinglar. Chunki rostgo‘ylik yaxshilikka boshlaydi. Yaxshilik esa jannatga boshlaydi. Kishi rost gapiraversa va rostgo‘ylikni istashda bardavom bo‘lsa, Allohning huzurida «siddiq» deb yoziladi.
Sizlar yolg‘ondan ehtiyot bo‘linglar. Chunki yolg‘on fujurga boshlaydi. Fujur esa do‘zaxga boshlaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa va yolg‘onchilikni istashda bardavom bo‘lsa, Allohning huzurida «kazzob» deb yoziladi», dedilar».
To‘rtovlari rivoyat qilganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu hadisi shariflarida rostgo‘ylik va yolg‘onchilikni taqqoslab bayon qilib bermoqdalar.
Jannatiy bo‘laman degan odam rostgo‘y bo‘lishi kerak ekan. Rostgo‘ylik uni yaxshilikka, yaxshilik esa jannatga boshlaydi.
Mo‘min banda yolg‘onga yaqin kelmasligi, doimo rostgo‘ylikni o‘ziga lozim tutishi kerak. Chunki bu ish jannatga olib boradigan omillardan biridir.
Yolg‘onchilik esa fisqu fujurga boshlar ekan, oxir- oqibat bandaning do‘zaxga kirishiga sabab bo‘ladigan omillardan biriga aylanar ekan. Bu xulosani doimo esimizda saqlashimiz lozim. Zotan, Alloh taoloning huzurida «kazzoblardan» deb yozilib qolishi har bir banda uchun cheksiz musibatdir. Vallohu a’lam!

10 Fevral 2023, 00:07 | Savol-javoblar | 97 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar