Nogiron bolaga qarash

Assalomu alaykum! Alhamdulillah 3-farzandimga homiladorman. Toksikoz, lanjlik namozlarimga, Qur’on o‘qishimga o‘z ta’sirini ko‘rsatyapti. 1-farzandim nogiron, ovqatini chaynab beraman, hojatini tozalab olaman. Ba’zida unga qarashga qiynalaman, ba’zida unga qarab ezilaman va zerikaman. Ustoz aytingchi nogiron bolamga qaraganligim uchun ham ajr olamanmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Alloh taolo ba’zi o‘rinlarda siz kabi insonlarni farzandingiz kabilar bilan imtihon qiladi. Og‘ir, ammo uni ajri ortidan keladigan mukofot beqiyosdir. Avliyoullohlarning biridan sizni valiy bo‘lishingiz nima sabab bo‘ldi deb so‘ralganida “Bir kuni yo‘lda ketayotsam badaniga qo‘tir tushib tuklari to‘kilgan nihoyatda abgor holdagi bir itga ro‘baro‘ keldim. Unga rahmim kelib uyimga olib keldim va malham olib kelib to tuzalgunicha o‘zim yarasiga malham surkadim, taomlantirdim. Bir qancha muddat o‘tgach u tuzaldi. Mening bu ishim Alloh nazdida shunday bir mahbub ish bo‘lgan ekan o‘shaning sababidan Alloh taolo menga valiylik maqomini ato qildi” deganlar. Allohning maxluqi bo‘lgani uchun unga qilingan mehribonlik insonni shu darajaga etkazsa, insonga o‘z farzandiga qilingan mehribonlikni ajrini tasavvur ham qilolmaysiz. Albatta savob umid qiling. Vallohu a’lam!

2 May 2022, 14:55 | Savol-javoblar | 154 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar