Tariqatdagi o‘n bir Ahmad

Assalomu alaykum! O‘n bir Ahmad ismli tariqat ulamolarini vasila qilib Allohdan yordam so‘rashlik haqida tushuntirib bersangiz. Bunda Yasin surasini 3 marotaba o‘qib har Mubinda shu insonlarning nomini aytishlik, “Qur’oni Karim suralari fazilati” degan kitobda kelgan ekan. Ularning ismlari Ahmad Hurosoniy G‘oziy Buxoriy, Boyazid Bistomiy, Abulxoyr Mozondoroni va boshqalar va “Moida” surasining 35-oyatidagi vasilani ham tushuntirib bersangiz.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Siz u kabi narsalarga suyanmang. Aksincha Alloh taolo biror bir hojati bor bandaning hojatini ravo qilish yo‘lini ta’lim berib, payg‘ambari orqali hojat namozini joriy qilgan. Tahoratni chiroyli qilib, duolar mustajob bo‘ladigan, xususan tunda, hamma uxlaganda ikki rak’at nafl namozi o‘qib, xohlagan hojatingizni so‘rang. Beruvchi Zot ham Allohning O‘zi. عَنْ وَرَّادٍ مَوْلَى الْمُغِيرَةِ بْنِ شُعْبَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كَتَبَ الْمُغِيرَةُ إِلَى مُعَاوِيَةَ إنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَ إِذَا فَرَغَ مِنَ صَلَاتِهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ وَحْدَهُ لَا شَرِيكَ لَهُ، لَهُ الْمُلْكُ وَلَهُ الْحَمْدُ، وَهُوَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيرٌ، اللَّهُمَّ لَا مَانِعَ لِمَا أَعْطَيْتَ، وَلَا مُعْطِيَ لِمَا مَنَعْتَ، وَلَا يَنْفَعُ ذَا الْجَدِّ مِنْكَ الْجَدُّ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا التِّرْمِذِيَّ   Mug‘iyra ibn Sho‘’ba roziyallohu anhuning mavlolari Varrod roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Mug‘iyra Muoviyaga:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon namozlaridan forig‘ bo‘lib, salom bersalar:
«Laa ilaaha illallohu vahdahu la shariyka lahu lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shay’in qodiyr. Allohumma la mane’a lima a’toyta va la mu’tiya lima mana’ta va la yanfa’u zal jaddi minkal jaddu», der ekanlar», deb xat yozdi».
Beshovlaridan faqat Termiziy rivoyat qilmagan.
Sharh: Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu xalifalik vaqtlarida mashhur sahobiy Mug‘iyra ibn Sho‘’ba roziyallohu anhudan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning namozdan forig‘ bo‘lib, salom berganlaridan ke¬yin o‘qiydigan duolari haqida xabar berishini so‘raganlarida u kishi shu rivoyatda keltirilgan ma’nodagi xatni yozgan ekanlar.
Duoning ma’nosi: «Allohdan o‘zga ibodatga sazovor Zot yo‘q. Uning O‘zi yolg‘izdir, sherigi yo‘qdir. Mulk Unikidir. Hamd Unikidir. U har bir narsaga qodirdir. Allohim, Sen bergan narsani man qiluvchi yo‘q. Sen man qilgan narsani beruvchi yo‘q. Sendan bo‘lgan iqobni qaytaruvchi yo‘q».
Ko‘pchilik kishilar ushbu nabaviy duoni yodlab olib, o‘qib yuradilar. Bilmaganlar uni yodlab olsalar, yaxshi bo‘ladi. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

3 May 2022, 12:31 | Savol-javoblar | 163 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar