Ayollarga ham jannatda xushxabar bormi

Assalomu alaykum! Erkaklar masjidga boradilar namozlarini o‘z vaqtida o‘qishga imkoniyatlari etarli. Hatto yo‘lda safarda bo‘lsalar ham yo‘l chetida namoz o‘qishlari mumkin. Ayollarchi? Bilasiz jamiki uy yumushlari ayollar zimmasida: ovqat qilish kir yuvish idishlarni yuvish uy va hovlini ozoda saqlash bo‘lalarni katta qilishdan tortib ularning darslariga ko‘maklashish ham ayollarning ishi. Bulardan ortib 5 mahal namozni ado etishning o‘zi osonmas. Kamiga hozirda ko‘pchilik ayollarimiz ishlashadi shu jumladan men ham. Maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlayman shu tufayli ko‘p namozlarim qazo bo‘ladi. Bularni o‘ylab qiynalaman. Gohida kechqurun qattiq charchaganimdan xuftonni zo‘rg‘a o‘qiyman(astag‘firulloh Ollohim meni kechirsin). Savolim shuki erkaklarga jannatda hurlar tayyorlab qo‘yilganiyu janoza va masjidda o‘qilgan namozlari uchun ulkan savoblar borligi haqida hadislardan xabarim bor. Va hatto yaqinda istig‘for aytishda ayollarga 1000ta savob bor ekanu erkaklarga 2000ta savob ekan. Ayollarga jannatda nima mukofot bor shuuuuncha mashaqqatlari uchun? Bu haqida bizga ham qandaydir hushxabar bormi aziz ustozlar?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Oxiratdagi mukofotlar dunyodagi mashaqqatga qarab bo‘ladi. Alloh taolo mukammal adolatli Zotdir. Zarraning misqolicha zulm qilmaydi. Chekkan hamma mashaqqatlaringizga munosib mukofotlarni beradi. Shuning uchun U Zotning ayftganlariga amal qilishga harakat qiling. Qaytarganlaridan tiyiling. Shunda o‘sha mukofotlarga sazavor bo‘lasiz. Istig‘for aytishda erkaklar ayollardan ikki barobar ko‘p savob olishlari haqidagi gap to‘g‘ri emas. Albatta xushxabarlar borda. "Tafsiri Hilol" kitobi “Voqe’a” surasi tafsirida quyidagicha keladi:
Oyatlarda u dunyodagi erkaklarga beriladigan ne’matlar haqida so‘z ketganda, albatta, ayollar ham nazarda tutiladilar. Ular ham mazkur ne’matlarga erishadilar. Faqat hurlar haqida so‘z ketganda, «Ayollarga-chi, ularga nima bo‘ladi?» degan savol tug‘iladi. Bu savolga endigi keladigan oyatlar va Muhammad alayhissalomning hadislaridan javob topamiz. فَجَعَلْنَاهُنَّ أَبْكَارًا۝ عُرُبًا أَتْرَابًا۝ لِّأَصْحَابِ الْيَمِينِ۝36. Bas, ularni bokiralar qilib qo‘ydik –
37. bir xildagi tengdosh mahbubalar.
38. O‘ng taraf sohiblari uchun.
Mashhur muhaddislardan Abul Qosim Tobaroniy rivoyat qilgan uzun hadisda jumladan, shunday deyiladi: «Ummu Salama:
– Ey Allohning Rasuli, Allohning «’uruban atrooban» degan oyati haqida gapirib bering, – dedi. Ul zot:
– Ular bu dunyodan qarib, sochi oqarib, ko‘rimsiz bo‘lib ketgan kampirlar bo‘lib, Alloh taolo ularni qiyomatda tengqur, bokira, ehtirosli, mahbuba qizlar qilib qayta yaratadi, – dedilar.
Ummu Salama onamiz:
– Ey Allohning Rasuli, bu dunyoning ayollari afzalmi, huri ’iynlarmi? – dedilar. Ul zot:
– Ey Ummu Salama, bu dunyoning ayollari huri ’iynlardan afzaldir, – dedilar. Ummu Salama:
– Nimalari bilan? – deb so‘radilar.
Nabiy alayhissalom:
– Namozlari, ro‘zalari, Allohga ibodatlari bilan. Alloh ularning yuzlariga nur, jasadlariga ipak kiydirgan. Ranglari oppoq, kiyimlari yashil, zebu ziynatlari sariq, taroqlari tilladan. «Mangumiz, o‘lmaymiz, zor bo‘lmaymiz, bir joyda yashaymiz, ko‘chmaymiz, rozimiz, achchiklanmaymiz. Biz kimniki bo‘lsak, kim bizniki bo‘lsa, yashasin», – deydilar, – dedilar.
Ummu Salama roziyallohu anho:
– Ey Allohning Rasuli, bu erda ba’zi ayollar ikki, uch, to‘rtta erga tegadilar, u dunyoda hammalari jannatga kirsalar, ayol qaysi eri bilan bo‘ladi? – dedilar.
Nabiy alayhissalom:
– Ey Ummu Salama, u ayolning ixtiyoriga qo‘yiladi. Erlarning ichida eng xulqi yaxshisini tanlaydi. «Allohim, mana bu menga yaxshi xulqli bo‘lgan edi, meni shunga bergin», – deydi. Ey Ummu Salama, yaxshi xulq ikki dunyoning yaxshiligiga erishtiradi, – dedilar». ثُلَّةٌ مِّنَ الْأَوَّلِينَ۝ وَثُلَّةٌ مِّنَ الْآخِرِينَ۝39. Avvalgilardan ko‘p jamoatlar.
40. Keyingilardan ko‘p jamoatlar.
Demak, peshqadamlardan farqli o‘laroq, o‘ng taraf egalari orasida avval o‘tgan azizlardan iborat ko‘pgina jamoatlar ham, keyin kelgan azizlardan iborat ko‘pgina jamoatlar ham bo‘lar ekanlar. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

11 May 2022, 23:18 | Savol-javoblar | 186 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar