Janozada qarzni bo‘yniga olish yoki kechib yuborish

Assalomu alaykum! Hozirgi janozalarda bir xolatga guvox bo‘lyapman. Marxumning yaqini chiqib jamoatga(masalan marxumning ukasi bo‘lsa) akamni qarzi bo‘lsa men kafil va akamdan kimni qarzi bo‘lsa kechdik deyishyapti. Shu gaplari to‘g‘rimi? Marxum xaqqidan kechmagan bo‘lsachi, qiyomatda so‘rashi mumkinku? Bu insonlarni o‘ylamay gapirishi va yana bir bid’atni chiqarishlarimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bu narsa tark qilinishi kerak bo‘lgan ishlardan. Chunki aka-ukalari qarzini to‘lashni bo‘yniga olsalar ham to to‘lanib ado qilinmaguncha qarz mayyitdan soqit bo‘lmaydi. Jannatiy bo‘lgan taqdirda ham to qarzi to‘lanmaguncha jannat kiritilmay turadi. وَلِلنَّسَائِيِّ: وَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ لَوْ أَنَّ رَجُلًا قُتِلَ فِي سَبِيلِ اللهِ، ثُمَّ أُحْيِيَ ثُمَّ قُتِلَ، ثُمَّ أُحْيِيَ ثُمَّ قُتِلَ وَعَلَيْهِ دَيْنٌ مَا دَخَلَ الْجَنَّةَ حَتَّى يُقْضَى عَنْهُ دَيْنُهُ  Nasaiy qilgan rivoyatda:
«Mening jonim qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, agar bir kishi Allohning yo‘lida qatl qilinsa, so‘ng tiriltirilsa, yana qatl qilinsa va tiriltirilsa, so‘ng yana qatl qilinsa-yu, uning zimmasida qarzi bo‘lsa, qarzi ado etilmaguncha jannatga kirmas», deyilgan.
Haqni kechish merosxo‘rlarning haqqi. Aka ukalarning bunga hech qanday haqqi yo‘q. Aslida bu ishning dalili Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari bo‘lgan. Hadisda to‘lashni zimmasiga olgan sahoba haqiqatan to‘laganlar, lekin hozirga kunda bu narsani rasmiyatchilikka aylantirib olishdi. Qancha-qancha zimmasiga olganlar mayyitni bir tiyin qarzini ham to‘lamadilar. Imomlar “mayyitdan bandalarning haqqi soqit bo‘ldi” degan gapni aytishadi. Bu g‘irt yolg‘on va bunga dalillari ham yo‘q. Ular Allohdan qo‘rqsinlar, kimdir rasmiyatchilikka “men bo‘ynimga olaman” deyishi qarzni soqit qilib qo‘ymaydi. Imom-domlalar bu ishni haspo‘shlashmasin, aksincha xalqimizga zimmada qarz bo‘lib o‘lib ketish o‘ta og‘ir ishligini tushuntirishsin. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 19:21 | Savol-javoblar | 136 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar