Ayolning erini ruxsatisiz ko‘chaga chiqishi

Assalomu alaykum! “So‘ramasdan chiqsang javobingni beraman degan bo‘lsa” degan savolning javobiga “Taloqda “beraman” bilan “berdim”ni orasida katta farq bor. Qaysi birini aytgan? Shuni aniq yozing” degan ekansizlar. Men aniqlashtirdim "javobingni beraman" deb aytgan ekan. Shunga nima bo‘ladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Biz masalaning suratini sizlarni yozayotgan savollaringizdan tushunamiz. Sizlar qanday savol so‘ragan bo‘lsangiz o‘zimiz va yonimizdagilarga o‘qitib ko‘ramiz. Nimani tushunishsa o‘shanga qarab javob yozamiz. Tulki bilan bo‘rining tashqi ko‘rinishini tasvirlanganda ismini bilmagan inson itga o‘xshagan, tumshug‘i uzun, junli, quloqlari dikkaygan, dumlari uzun balandligi yarim metr va undan balandroq deb ta’riflaydi. Ayni shu ta’rifni eshitgan inson o‘sha hayvonni ko‘rmasdan turib bo‘ri deb o‘ylashi ham mumkin, tulki deb o‘ylashi ham mumkin. Agar ta’rif bergan odam tulkini ko‘rib ismini bilmasdan nimaligini so‘ragan bo‘lsa javob beruvchi bo‘ri desa ham ta’rifga tushadi, tulki desa ham ta’rifga tushadi. Shuning uchun berilingan savol tulki bilan bo‘rini ham bir biridan ajratadigan darajadagi aniq bo‘lishi kerak. Chunki javob ham o‘shanga yarasha bo‘ladi. bo‘rini ko‘rib mujmal savol bergan kishiga unga tulki deb javob berilsa, bo‘ri tulki bo‘lib qolmaydi. Xuddi shuningdek savol beruvchi holatni to‘liq bayon qilmasa javob beruvchi tushunganiga qarab javob bersa harom halol bo‘lib qolmaydi. Aslida ulamolarimiz har bir masalani jonli majlisda, so‘rovchining holatini to‘liq o‘rganib javob berishga buyurishadi. Bunday qilishni esa bizda imkoniyati yo‘q. Siz aytgandek talog‘ingi beraman degan bo‘lsa taloq tushmaydi. Ammo aslida er talog‘ingni berdim degan bo‘lsayu, siz bizga beraman degan ekan deb yozgan bo‘lsangiz baribir taloq tushgan bo‘laveradi. Bitta so‘zning o‘zgarishi haromni halol, halolni harom qilib yuboradi. Bu erda yolg‘on gapirib fatvo ovolish Allohning nazdidagi haromni halol qilib berolmaydi. Hatto Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdek zot ham o‘z hadislarida: عَنْ أُمِّ سَلَمَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا: أَنَّ رَسُولَ اللهِ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّكُمْ تَخْتَصِمُونَ إِلَيَّ، وَلَعَلَّ بَعْضَكُمْ أَلْحَنُ بِحُجَّتِهِ مِنْ بَعْضٍ، فَمَنْ قَضَيْتُ لَهُ بِحَقِّ أَخِيهِ شَيْئًا بِقَوْلِهِ، فَإِنَّمَا أَقْطَعُ لَهُ قِطْعَةً مِنَ النَّارِ فَلَا يَأْخُذْهَا  Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlar mening oldimga da’volashib kelasizlar. Ehtimol, ba’zingiz hujjat-dalil keltirishga ba’zingizdan ustaroqdir. Bas, kimning so‘zi bilan unga birodarining haqqini hukm qilsam, do‘zaxning bir parchasini uzib beraman, xolos. U buni olmasin», dedilar». (“Oltin silsila” kitobidan "Sahihul Buxoriy"). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 19:22 | Savol-javoblar | 158 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar