O‘ziga dam solmaganlar

Assalomu alaykum! Aziz ustozlar, jannatga so‘roq savolsiz kiradigonlar haqidagi hadisda, ular (ularni sifatlari haqida) o‘zlariga dam solmaydi,  dam ham soldirmaydi, deyilgan ekan. Buni qanday tushunish mumkin? Aniqrog‘i shu hadisni o‘qigandan keyin, masalan, falaq, naas suralari bilan ham o‘zimga dam solmaydigan bo‘lib qoldim. Ularni duoda o‘qiyman, lekin dam solishga o‘xshab qolmasligiga harakat qilaman. Shu to‘g‘rimi? Dam solish haqidagi boshqa hadislarchi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! U erda nojoiz dam solish iroda qilingan. Sunnatdagiga muvofiq dam solishda zarar yo‘q.عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: خَرَجَ عَلَيْنَا النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَوْمًا فَقَالَ: عُرِضَتْ عَلَيَّ الْأُمَمُ، فَجَعَلَ يَمُرُّ النَّبِيُّ مَعَهُ الرَّجُلُ، وَالنَّبِيُّ مَعَهُ الرَّجُلَانِ، وَالنَّبِيُّ مَعَهُ الرَّهْطُ، وَالنَّبِيُّ لَيْسَ مَعَهُ أَحَدٌ، وَرَأَيْتُ سَوَادًا كَثِيرًا سَدَّ الْأُفُقَ فَرَجَوْتُ أَنْ يَكُونَ أُمَّتِي، فَقِيلَ: هَذَا مُوسَى وَقَوْمُهُ، ثُمَّ قِيلَ لِي: انْظُرْ فَرَأَيْتُ سَوَادًا كَثِيرًا سَدَّ الْأُفُقَ، فَقِيلَ لِي: انْظُرْ هَكَذَا وَهَكَذَا، فَرَأَيْتُ سَوَادًا كَثِيرًا سَدَّ الْأُفُقَ، فَقِيلَ: هَؤُلَاءِ أُمَّتُكَ، وَمَعَ هَؤُلَاءِ سَبْعُونَ أَلْفًا يَدْخُلُونَ الْجَنَّةَ بِغَيْرِ حِسَابٍ، فَتَفَرَّقَ النَّاسُ وَلَمْ يُبَيِّنْ لَهُمْ، فَتَذَاكَرَ أَصْحَابُ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالُوا: أَمَّا نَحْنُ فَوُلِدْنَا فِي الشِّرْكِ وَلَكِنَّا آمَنَّا بِاللهِ وَرَسُولِهِ، وَلَكِنْ هَؤُلَاءِ هُمْ أَبْنَاؤُنَا، فَبَلَغَ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: هُمُ الَّذِينَ لَا يَتَطَيَّرُونَ، وَلَا يَسْتَرْقُونَ، وَلَا يَكْتَوُونَ، وَعَلَى رَبِّهِمْ يَتَوَكَّلُونَ. فَقَامَ عُكَّاشَةُ بْنُ مِحْصَنٍ فَقَالَ: أَمِنْهُمْ أَنَا يَا رَسُولَ اللهِ؟ قَالَ: نَعَمْ، فَقَامَ آخَرُ فَقَالَ: أَمِنْهُمْ أَنَا؟ فَقَالَ: سَبَقَكَ بِهَا عُكَاشَةُ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ وَالتِّرْمِذِيُّ. وَلَفْظُ مُسْلِمٍ: فَقَالَ رَجُلٌ: يَا رَسُولَ اللهِ، ادْعُ اللهَ أَنْ يَجْعَلَنِي مِنْهُمْ، قَالَ: اللَّهُمَّ اجْعَلْهُ مِنْهُمْ، ثُمَّ قَامَ آخَرُ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، ادْعُ اللهَ أَنْ يَجْعَلَنِي مِنْهُمْ قَالَ: سَبَقَكَ بِهَا عُكَّاشَةُIbn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:«Bir kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallam oldimizga chiqdilar-da:«Menga ummatlar ko‘rsatildi. Bir nabiy bir odam bilan, yana bir nabiy ikki odam bilan, yana bir nabiy bir guruh bilan, yana bir nabiy u bilan hech kim yo‘q holda o‘ta boshladilar. Ufqni to‘sgan katta to‘p odamlarni ko‘rdim. Ummatim shu bo‘lishini umid qildim. «Bu Muso va uning qavmidir», deyildi. So‘ngra menga «Nazar sol», deyildi. Qarasam, ufqni to‘sgan katta to‘p odamlar. Menga «Unday qara, bunday qara», deyildi. Shu payt katta to‘p odamlarni ko‘rdim. Shunda menga «Ana o‘shalar sening ummatingdir. Ular bilan birga etmish ming jannatga hisobsiz kirurlar», deyildi. Bas, odamlar tarqalib ketdilar. U zot ularga bayon qilib bermadilar. Keyin Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalari o‘shani birgalikda yodga olishdi:«Biz shirkda tug‘ildik. Lekin Allohga va Uning Rasuliga iymon keltirdik. Ammo anavilar avlodlarimiz bo‘lsa kerak», deyishdi. Bu gap Nabiy sollallohu alayhi vasallamga etib bordi. Shunda u zot:«Ular shumlanmaydiganlar, dam solishni talab qilmaydiganlar, tamg‘a qizdirib bosmaydiganlar va Robbilariga tavakkal qiladiganlar», dedilar. Bas, Ukkosha ibn Mehson o‘rnidan turib:«Ey Allohning Rasuli, men o‘shalardanmi?» dedi. «Ha», dedilar. Shunda boshqa bir odam turib:«Men ham o‘shalardanmi?» dedi. «Ukkosha uni sendan ilgari olvoldi», dedilar».Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilgan. Muslimning lafzida:«Bir kishi:«Ey Allohning Rasuli, Allohga duo qiling. Meni ham o‘shalardan qilsin», dedi. Shunda u zot:«Ey Allohim, uni ham o‘shalardan qilgin!» dedilar. Keyin boshqa bir odam turib:«Ey Allohning Rasuli, Allohga duo qiling. Meni ham o‘shalardan qilsin», dedi. Shunda u zot: «Ukkosha uni sendan ilgari olvoldi», dedilar» deyilgan. Sharh: Sahobai kiromlarning Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan bir og‘iz bo‘lsa ham so‘z eshitish, o‘z ilmlarini orttirishga ishtiyoqlari nihoyatda zo‘r edi. Bu maqsad yo‘lida ular turli uslublarni qo‘llar edilar. Aksar hollarda Masjidi Nabaviyda o‘tirib, u zotning hujrai saodatdan chiqishlarini kutar edilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham bu narsani yaxshi bilganlari uchun iloji boricha sahobalarga ko‘proq ta’limotlarni etkazishga harakat qilar edilar. Ushbu rivoyatda Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu ana shunday ilmiy suhbatlardan biri haqida ma’lumot bermoqdalar. «Bir kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallam oldimizga chiqdilar-da» Ya’ni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hujralaridan masjidga chiqib, sahobalar to‘planib o‘tirgan joyga kelib, so‘z boshladilar. «Menga ummatlar ko‘rsatildi». U zotga tushlarida o‘tgan ummatlarning hammalari ko‘rsatilgan ekan. «Bir nabiy bir odam bilan» Alloh taolo yuborgan nabiylar ichida faqat bir kishi e’tirof qilib, iymon keltirgan zotlar ham bo‘lgan ekan. «Yana bir nabiy ikki odam bilan» Alloh taolo yuborgan nabiylar ichida faqat ikki kishi e’tirof qilib, iymon keltirgan zotlar ham bo‘lgan ekan. «Yana bir nabiy bir guruh bilan» Alloh taolo yuborgan nabiylar ichida faqat bir guruhgina odamlar e’tirof qilib, iymon keltirgan zotlar ham bo‘lgan ekan. «Yana bir nabiy u bilan hech kim yo‘q holda o‘ta boshladilar». Alloh taolo yuborgan nabiylar ichida hech kim iymon keltirmagani ham bor ekan. «Shu payt katta to‘p odamlarni ko‘rdim». Ya’ni, nihoyatda ko‘pligidan hamma yoqni to‘sib kelayotgan katta to‘p ko‘rindi. Ularning ko‘pligiga havas qilib: «Ummatim shu bo‘lishini umid qildim». Ya’ni «Mana shu hamma yoqni to‘sib kelayotgan katta to‘p odamlar mening ummatim bo‘lsa edi», deb orzu qildim. Lekin farishtalar tomonidan menga: «Bu Muso va uning qavmidir», deyildi». Demak, Muso alayhissalomning ummatlari ham ko‘p bo‘lar ekan. U zot sollallohu alayhi vasallam shu o‘y bilan turganlarida farishtalar tomonidan: «So‘ngra menga «Nazar sol», deyildi. Qarasam, to‘sgan katta to‘p odamlar». Ya’ni haligidan boshqa bir, ko‘pligidan hamma yoqni to‘sib, gurillab kelayotgan katta to‘p ko‘rindi. Bu to‘p avvalgidan chandon-chandon ko‘p edi. «Menga «Unday qara, bunday qara», deyildi».  Ya’ni «U tarafga qara, bu tarafga qara», deb, har taraflarga ishora qilindi. «To‘sgan katta to‘p odamlarni ko‘rdim». Ya’ni, haligi odamlar shu darajada ko‘p ediki, ular o‘zlarining ko‘pligi bilan hamma yoqni to‘sib qo‘ygan edilar. «Shunda menga «Ana o‘shalar sening ummatingdir. Ular bilan birga etmish ming jannatga hisobsiz kirurlar», deyildi».  Ya’ni «Mana shu o‘zlarining ko‘pligi bilan to‘sib qo‘ygan odamlar sening ummatingdir. Ular bilan birga yana etmish ming kishi qiyomat kuni hisob-kitobsiz jannatga kiradilar». «Bas, odamlar tarqalib ketdilar». Ya’ni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yuqoridagi gaplarni aytganlaridan keyin ilmiy majlis tugab, odamlar uylariga tarqab ketdilar. «U zot ularga bayon qilib bermadilar».  Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘sha suhbatda hozir bo‘lgan kishilarga haligi to‘pdagi odamlar qanday, ular bilan qiyomat kuni jannatga hisob-kitobsiz kiradigan etmish ming odam kimlar ekanligini batafsil tushuntirib bermadilar. «Keyin Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalari o‘shani birgalikda yodga olishdi: Ya’ni boshqa bir o‘tirishda sahobai kiromlar o‘sha jannatga hisobsiz kiradigan odamlar haqida eslab, so‘z ochishdi. «Biz shirkda tug‘ildik. Lekin Allohga va Uning Rasuliga iymon keltirdik. Ammo anavilar avlodlarimiz bo‘lsa kerak», deyishdi».  Ya’ni «Jannatga hisobsiz kiradiganlar bizning avlodlarimiz bo‘lsa kerak. Chunki ular Islomda tug‘iladilar, o‘sadilar, yashaydilar va o‘ladilar». «Bu gap Nabiy sollallohu alayhi vasallamga etib bordi. Shunda u zot: «Ular shumlanmaydiganlar, dam solishni talab qilmaydiganlar va tamg‘a qizdirib, bosmaydiganlar va Robbilariga tavakkal qiladiganlar», dedilar».  Demak, jannatga hisobsiz kiradiganlardan bo‘lish uchun mo‘min odam to‘rt sifatga ega bo‘lishi kerak ekan: 1. «Shumlanmaydigan» Ya’ni «Falon narsa bo‘ldi, endi yomonlik etsa kerak», «Piston narsa ko‘rindi, u shumqadam edi, endi ishlar chatoq», kabi e’tiqodlarni qilishdan yiroq bo‘lish lozim. «Bu dunyodagi barcha yaxshilik ham, yomonlik ham faqatgina Alloh taoloning irodasi ila bo‘ladi», degan qat’iy ishonch bilan yashashimiz kerak. 2. «Dam solishni talab qilmaydigan» Ya’ni, johiliyatning shirkdan iborat dam solishini talab qilmaydigan, Islom ijozat bergan dam solishni «O‘z-o‘zidan shifo beradi», deb e’tiqod qilmaydigan, balki «Shifo Alloh taolo tomonidangina bo‘ladi», degan e’tiqodda bo‘ladigan. 3. «Tamg‘a qizdirib bosmaydigan»  Bunda ham ba’zi yaralariga tamg‘a qizdirib bosib, davolaganda johiliyatdagi kabi «Tamg‘a qizdirib bosish shifo berdi», degan, Alloh taologa shirk keltirishdan iborat bo‘lgan e’tiqodni qilmaslik ko‘zda tutilgan. 4. «Robbilariga tavakkal qiladigan» Hamma narsada faqat Alloh taologagina suyanadigan. Ana shu to‘rt sifatni o‘zida mujassam qilgan kishi jannatga hisobsiz kiradigan etmish ming kishi ichida bo‘lar ekan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan bu ulkan bashoratni eshitgandan keyin hamma o‘zining ham o‘sha saodatmand kishilar ichida bo‘lishini orzu qilib qoldi va: «Bas, Ukkosha ibn Mehson o‘rnidan turib:«Ey Allohning Rasuli, men o‘shalardanmi?» dedi. U zot:«Ha», dedilar. Shunda boshqa bir odam turib:«Men ham o‘shalardanmi?» dedi. Bas, u zot:«Ukkosha uni sendan ilgari olvoldi», dedilar». Muslimning lafzida xuddi shu ma’no duo so‘rash orqali bo‘lgani bilinadi. Ya’ni Ukkosha roziyallohu anhu o‘zining o‘sha etmish ming kishi qatorida bo‘lishini tilab, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan duo so‘ragan. U zot duo qilganlar. Ijobat soati bo‘lgani uchun duolari darhol qabul bo‘lgan. Keyingi so‘ragan odam o‘sha soatdan kech qolgani uchun unga duo qilmaganlar. «Bir kishi:«Ey Allohning Rasuli, Allohga duo qiling. Meni ham o‘shalardan qilsin», dedi». Ya’ni «Meni ham o‘sha jannatga hisobsiz kiradigan etmish ming kishilardan qilsin». Bu kishi Ukkosha ibn Mehson roziyallohu anhu edilar. Shunda u zot: «Ey Allohim, uni ham o‘shalardan qilgin!» dedilar. Boshqa bir odam turib: «Ey Allohning Rasuli, Allohga duo qiling. Meni ham o‘shalardan qilsin», dedi».  Rivoyatlarda bu odam kim ekanligi haqida ma’lumot yo‘q. Ehtimol, so‘rovi muvaffaqiyatsiz chiqqanligi uchun xijolat bo‘lmasin, deb nomi zikr qilinmagan bo‘lsa kerak. «Shunda u zot: «Ukkosha uni sendan ilgari olvoldi», dedilar». (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 08:28 | Savol-javoblar | 145 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar