Xoch va ikona yasash

Assalomu alaykum! Nasroniy davlatida ishlayman. Mening kasbim: kompyuterlashtirilgan dastgohda qattiq jismlar(temir, yog‘och va ho kazo)ga bezaklar tushirish. Asosan harflar va turli naqshlar bilan cheklanaman. Ammo goh-gohida Iso alayhissalom va uning onasi, xochning badiiy tasviri va shunga o‘xshash diniy aqidalariga oid buyurtmalarni olib qo‘yishadi. Ishxonada bu ish bilan faqat men shug‘ullanganim uchun rad javobim buyurtmani qaytarish demakdir. Bunga rozi bo‘lishlari qiyin. Ikki uch oyda bir marta shunga o‘xshash ishni qilib berishim uchun iltimos qilishga nasroniy tanishim ham yo‘q. Ish beruvchim menga "axir buni sen qilmaysanku, ishni robot bajaradi, sen shu dasturni yozib berishing gunoh emasdir" argumentini keltirsa, men nima qilishim kerak bo‘ladi? Shu ishni bajarganimdan keyin mening hukmim qanday? 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Xoch yoki shunga o‘xshash boshka dindagi shior yoki ibodat narsalarini yasash musulmonga hech qanaqasiga joiz bo‘lmaydi.  عن جابر بن عبد الله أنه سمع النبي صلى الله عليه وسلم عام الفتح وهو بمكة يقول : إن الله ورسوله حرم بيع الخمر والميتة والخنزير والأصنام فقيل : يا رسول الله ، أرأيت شحوم الميتة ، فإنه يطلى بها السفن ، ويدهن بها الجلود ، ويستصبح بها الناس ؟ قال : لا ، هو حرام ، ثم قال رسول الله صلى الله عليه وسلم عند ذلك : قاتل الله اليهود ، إن الله حرم عليهم الشحوم ، فأجملوه ، ثم باعوه ، فأكلوا ثمنه خرجه البخاري 2236. Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «U fath yili Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkadaliklarida u zotning «Albatta, Alloh va Uning Rasuli xamr, o‘limtik, cho‘chqa va butlar savdosini harom qildi», deyayotganlarini eshitgan ekan. Shunda: «Ey Allohning Rasuli! O‘limtik yog‘i haqida nima deysiz? Chunki u kemalarga surtiladi, u bilan terilar moylanadi va odamlar uni chiroqlariga ishlatishadi», deyildi. Shunda u zot: «Yo‘q! U haromdir», dedilar. Shundan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh yahudiylarni halok yakson qilsin! Albatta, Alloh uning* yog‘ini ularga harom qilgan edi, ular esa uni eritishdi, so‘ngra sotib, pulini eyishdi», dedilar». (Oltin silsila 2-juz). Xoch va ikonalar ham yuqoridagi hadisdagi butlarga kiradi. Inson tug‘ilganidan to vafot topgunicha imtihonda bo‘ladi. Alloh taoloning ko‘proq imtihoni turli kimsalarga turli holatda bo‘lsada, kasb qiluvchilarning kasblari orqali ko‘proq bo‘ladi. Agar shu sinovlardan muvofaqiyatli o‘tgan insonlar saodatga erishadilar.  Alloh taolo “Taloq” surasi 2-3-oyatlarida marhamat qiladi :       ...Kim Allohga taqvo qilsa, uning yo‘lini ochib qo‘yadir. 3. Va unga o‘zi o‘ylamagan tarafdan rizq berur. Kim Allohga tavakkul qilsa, bas, unga U Zotning O‘zi kifoyadir. Albatta, Alloh O‘z ishini etkazuvchidir. Batahqiq, Alloh har bir narsaga o‘lchov qilib qo‘ygandir. (Tafsiri Hilol). Vallohu a’lam.

26 May 2022, 16:14 | Savol-javoblar | 166 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar