Peshinni o‘qimagan odam

Assalomu alaykum! Peshin namoz vaqt boshlagani o‘qimagan bo‘lsa band ko‘p bo‘lsa Asr vaqt boshlaganda o‘qib keyin peshin qazosini o‘qisa bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Shunday qilsa peshin namozini o‘z vaqtida o‘qimagani uchun og‘ir gunohkor bo‘ladi. Ish ko‘pligi yoki boshqa biror sabab bilan bandligi uzr bo‘la olmaydi yoki gunohini engillatmaydi. Ushbu oyatdagi tahdid ostiga tushib qolishdan qo‘rqish kerak:فَوَيْلٌ لِّلْمُصَلِّينَ ۝ الَّذِينَ هُمْ عَن صَلَاتِهِمْ سَاهُونَ ۝4. Bir «namozxonlar»ga vayl bo‘lsinki…
5. Ular namozlarini unutuvchilardir. (Ma’uun surasi).
Ya’ni namozning ma’nolarini, hikmatlarini, insonning vijdonini poklashini, qalbda marhamat-shafqatni qo‘zg‘ashini unutganlarning holiga voy! Joyi jahannam!
Alloh taolo «Ankabut» surasining 45-oyatida: «…albatta, namoz fahsh va munkardan qaytarur», – degan. Kim namoz o‘qisa-yu, yomon ishlardan qaytmasa, u namozini unutganlar jamoatidan bo‘ladi.
Ushbu oyatlarning ma’nosi haqida mufassirlarimiz bir qancha ta’villar aytganlar.
Abul Oliya: «Bular namozni o‘z vaqtida o‘qimaydiganlar, ruku’ va sajdalarini yaxshilab, batamom qilmaydiganlar», – degan.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu: «Bu shunday namozxonki, u o‘zi o‘qigan namozidan savob umid qilmaydi va uni o‘qimasa, iqobidan qo‘rqmaydi», – deganlar.
Ibn Jarir Tobariy keltirgan rivoyatda Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan ushbu oyat haqida so‘ralganda, «Ular namozni o‘z vaqtidan orqaga suradiganlar», – deganlar.
Mufassirlarimiz ushbu jumladagi kelishik qo‘shimchalariga ham alohida e’tibor berganlar. Oyatda «An solatihim saahuun» – «namozlarini unutuvchilar», deyilmoqda, «fii solatihim» – «namozlarida» deyilmayapti. Shundan oyatda munofiqlar haqida so‘z ketayotgani kelib chiqadi. Chunki mo‘min kishi ham namoz ichida ba’zi narsalarni unutishi mumkin. Lekin unutish bilan unutishning farqi bor. Munofiqning namozni unutishi o‘qimaslik, unga e’tiborsizlik qilishi ila bo‘ladi. Mo‘min esa namozning ichida biror narsani unutib, xatoga yo‘l qo‘ysa, sahv sajdasi qilib, darhol to‘g‘rilaydi. Vallohu a’lam!

9 Oktabr 2023, 22:51 | Savol-javoblar | 0 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar