Namoz vaqtida shaytonni vasvasasi

Assalomu Alaykum Hazrat,Haq taolo ilmingizni bundan ham ziyoda qilsin.Men quyidagi savol bilan murojaat qilmoqchiman:Namozni to‘g‘ri va xushu‘ bilan o‘qishga harakat qilaman, Allohga shukur, lekin baribir shayton namozning qaysidir qismida yo‘l topib vasvasa qiladi. Ayniqsa, jamoat bilan o‘qiganimda. Bunday holatda tovush chiqarmasdan yoki qalb bilan Auzu...ni aytsa bo‘ladimi? Umuman, bunday holatlarda shayton vasvasasidan chetlanish uchun qanday yo‘l tutsa ma‘qulroq bo‘ladi?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
ShAYTONNING QALBGA YO‘L OLIShINI TO‘SIShOdam bolasiga shaytonning ta’siri bo‘lishi shubhasiz. Faqat Alloh taolo saqlasagina bu narsa bo‘lmas. Insonning zaif tomonlaridan unga ta’sir qilish uchun shayton harakatda bo‘lishi ham aniq. Shuning uchun ham nafsning poklash masalasida qalbga shayton ta’sir ko‘rsatadigan yo‘llarni bilish katta ahamiyat kasb etadi.Insonning qalbi xuddi qo‘rg‘onga o‘xshaydi. Shayton o‘sha qo‘rg‘onga kirib, uni egallab olishga harakat qiladi. Mazkur qo‘rg‘onni dushmandan himoya qilish uchun uning eshik, deraza va teshiklarini yaxshi bilish lozim. Ularni yaxshi bilmaguncha qo‘rg‘onni himoya qilib bo‘lmaydi. Qalbni shaytonning vasvasasidan himoya qilish vojib. Bu ish har bir mukallaf bandaga farzi ayndir. Vojibga etish uchun kerak bo‘ladigan narsa ham vojibdir, degan qoida bor. Shaytondan qalbni himoya qilish uning kirish joylarni bilish kerak bo‘lgani uchun, mazkur kirish joylarini bilish ishi ham vojib bo‘ladi. Shaytonning qalbga kirish yo‘llari bandaning sifatlari bo‘lib, ular ko‘pchilikni tashkil qiladi. Biz mazkur eshiklarning eng kattalari haqida so‘z yuritamiz.1. G‘azab va shahvat.G‘azab aqlning kishanidir. Aqlning askari zaif bo‘lsa, shaytonning askari kuchli bo‘ladi. Inson qancha ko‘p g‘azablansa shayton uni xuddi yosh bola to‘pni o‘ynagandek qilib o‘ynashga o‘tadi.2. Hasad va hirs.Bandaning biror narsaga hirs qo‘yishi qanchalik kuchli bo‘lsa, o‘sha hirsi uni shunchalik ko‘r va kar qiladi. Zotan, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Narsga bo‘lgan muhabbating ko‘r va kar qilur», deganlar. Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilgan.Qalb ko‘zlarining nuri ila shaytoning kirish joylari ko‘riladi. Agar o‘sha ko‘zlarni hirs va hasad berkitib qolsa, ko‘rib bo‘lmay qoladi. Ana o‘shanda shayton fursatni g‘animat bilib hasadchi va hirsli odamga shahvatga erishtiradigan har bir narsani ziynatlab ko‘rsatish payidan bo‘ladi.3. Taomdan ortiqcha to‘yish.Bunda taom halol pok bo‘lishi ham mumkin. Chunki taom shahvatni kuchaytiradi. Shahvatlar esa shaytonning qurollaridir. Ko‘p eyishda olti yomon xislat borligi ta’kidlanadi.1) Qalbdan Allohning xavfi ketishi.2) Qalbdan xaloyiqqa rahim ketishi. Chunki u hammani to‘q deb o‘ylaydi.3) Toatni og‘ir qo‘rib qolish.4) Hikmatli so‘zni eshitsa, ta’sirlanmaslik.5) Mav’iza va hikmatli so‘zlarni gapirsa, odamlarga ta’sir qilmasligi.6) Turli xastaliklarning chiqishi. 4. Kiyim-kechak, asbob-anjom va uy-joyda zebu ziynatga ruju’ qo‘yish.Qachon shayton mazkur hollarni inson qalbida urchigani ko‘rsa, darhol tuxum qo‘yib, bolalaydi. Mazkur odamni uy joyini ziynatlashga chaqiradi: shiftni yaxshila, devorlarni chiroyli qil, xonalarni kengaytir, deydi. Shuningdek, kiyimlaringni qoyil maqom qil, ulovni hech kimda yo‘g‘ini top, deydi. Ko‘ribsizki, umrini shunday ishlar bilan o‘tkazib turibdi. Bu hol davom etaversa, oqibat banda kufrga borishi ham mumkin.5. Odamlardan tamagir bo‘lish.Chunki qalbga tamagirlik g‘olib bo‘lsa shayton tinimsiz ravishda unga kimdan tama qilayotgan bo‘lsa, o‘shaning oldida turli riyo va hiyla-nayranglar bilan jilvanishni ziynatlab ko‘rsatadi. Eng kamida u o‘zi tamagirlik qilayotgan odamni o‘rinsiz maqtashga o‘tadi. Uning roziligini topish uchun har qanday gunohni qilishga tayyor bo‘ladi.6. Shoshqaloqlik va ishlarda aniqlikni tark qilish.Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Shoshmaslik Allohdandir va shoshqaloqlik shaytondandir», dedilar».Bayhaqiy rivoyat qilgan.Alloh taolo «Anbiyo» surasida: «Inson shoshqaloqlikdan xalq qilingandir», degan (37-oyat).Alloh taolo «Isro» surasida: «Inson shoshqaloq bo‘lgandir», degan (11-oyat).Alloh taolo «Toha» surasida: «Senga vahiyi bitguncha Qur’on(tilovati)ga oshiqma», degan (114 – oyat).Chunki ishlarga ularni yaxshilab o‘rganish va bilishdan keyingina kirishish lozim. Yaxshilab o‘rganish esa taammulga va muhlatga muhtojdir. Bu narsa shoshqaloqlik bilan bo‘lmaydi. Shoshqaloqlik insonni palapartish ish qilishga majbur qiladi.7. Mol-dunyo muhabbati.Keragicha molu dunyosi bor odamning qalbi xotirjam bo‘ladi. Ammo ortiqcha moli bor odamning holi boshqacha bo‘ladi. U boriga yana qo‘shish payiga tushadi. Mingini milyonga ko‘paytirish uning asosiy maqsadiga aylanadi. Shu tariqa mol-dunyoning quliga aylanadi. 8. Baxillik va kambag‘allikdan qo‘rqish.Mazkur sifatlar xayri ehson va nafaqadan qaytaradi va to‘plab, jamlashga ruju’ qo‘yishga undaydi. Bu ishlarni qilganlarga esa alamli azoblar va’da qilingan.Sufyon rahmatullohi alayh: «Shaytonning kambag‘allikdan qo‘rqitishdek kuchli silohi yo‘q. Agar banda o‘shani undan qabul qilsa, botilga o‘zini uradi, haqni man qiladi, havodan gapiradi va Robbi haqida yomon gumonda bo‘ladi», degan.9. Firqa va toifalarga mutaassiblik hamda o‘ziga qarshilarga hiqd qilish va past nazar bilan qarash.Bu narsa obidlarni ham, fosiqlarni ham barobar halokatga olib boradir. Odamlarni ayblash va ularning kamchiliigini topish ila mashg‘ul bo‘lish yirtqichlik sifatlaridan biridir. Agar shayton unday insonga o‘sha ishni haq deb ziynatlab qo‘ysa bormi, hamma narsani bir chetga yig‘ishtirib qo‘yib o‘sha ishga barcha imkoniyatini sarflaydigan bo‘ladi. U bundan xursand va masrur bo‘ladi. O‘zi shaytonga malaylik qilayotgan bo‘lsa ham, din uchun xizmatdaman deya mag‘rur bo‘ladi.Shayton mutaassiblarning ba’zi haddan oshganlariga falon narsaning muhabbatida o‘lgan odam jannatga kiradi degan bo‘lsa, o‘shani mahkam ushlab olib yuraveradi. Holbuki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fotimai Zahroga: «Amal qil, men sendan Alloh taolodan bo‘ladigan biror narsani behojat qila olmayman», deganlar.10. Ilmsiz kishilarni Alloh taoloning zoti va sifoti haqida tafakkur qilishga majburlash.Bunda ular aqllari etmaydigan narsaga urinib, dinda shakka tushadilar va turli xayollarga boradilar. Ular bid’atga berilib dindan chiqishi ham mumkin. Aslida esa, o‘zini eng aqlli deb yurganlarning ko‘pi ahmoqning kattasi bo‘ladi.11. Musulmonlar haqida yomon gumonda bo‘lish.Alloh taolo «Hujurot» surasida: «Ey iymon keltirganlar! Ko‘p gumonlardan chetda bo‘linglar, chunki ba’zi gumonlar gunohdir», degan (12 –oyat).O‘ylab ko‘rilsa, o‘zaro nizolar va kelishmovchiliklar ko‘proq bir-biridan yomon gumondan kelib chiqadi. Undan chetda bo‘lish uchun doimo kishilar haqida yaxshi gumonda bo‘lish, ular haqida etgan xabarlarni yaxshilikka yo‘yish kerak. Bu haqida hazrati Umar roziyallohu anhu: «Agar yaxshilikka burishning birorta yo‘li bo‘lsa ham, mo‘min birodaringdan chiqqan so‘z haqida faqat yaxshi gumon qil», degan ekan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Zinhor va zinhor badgumon bo‘lmanglar. Chunki badgumonlik so‘zning eng yolg‘onidir», dedilar». Buxoriy rivoyat qilgan.Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar odamlarning aybini axtaradigan bo‘lsang, ularni buzasan», dedilar». Sofiya roziyallohu anho aytdi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam masjidda e’tikof o‘tirgan edilar. Men kechasi u zotning ziyoratlariga keldim, biroz gaplashdim, so‘ng, uyim tomon turdim. U zot meni kuzatgani men bilan turdilar. (U zotning uyi Usoma ibn Zaydning maskanida edi). Bas, ansoriylardan ikki kishi o‘tib qoldi. Ular Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni ko‘rishlari bilan tezlab qoldilar. Shunda u zot: «Ikkovingiz shoshilmang, bu (ayol) Sofiya binti Huyayydir», dedilar.«Subhonalloh! Ey Allohning Rasuli!» deyishdi.«Albatta, shayton insonning qon yurar joyida yuradi. Men u sizning qalbingizga biror narsani yoki yomonlikni otishidan qo‘rqdim», dedilar. Beshovlaridan faqat Termiziy rivoyat qilmagan.Kishilar ko‘ngliga yomon gumon keltirishi mumkin ishlarda ehtiyot bo‘lishi kerakligini ko‘rdingizmi?! Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam haligi ikki kishi qorong‘uda ayol kishi bilan turilganini ko‘rib har xil xayolga bormasinlar, deb ayol xotinlari ekanini aytib qo‘ydilar.Yomon gumondan saqlanish lozim. Kim odamlardan yomon gumonda bo‘lsa, o‘sha odam ichi buzuq bo‘ladi. Mo‘min doimo uzr istaydi, munofiq esa ayb istaydi. Mo‘min barcha xaloyiqqa nisbatan ko‘ngli pok bo‘ladi. Munofiq esa uning teskarisi bo‘ladi. Yuqorida zikr qilingan sifatlar shayton uchun inson qalbiga yo‘l ochadigan narsalardir. Ularning hammasini sanab o‘tish ham qiyin. Odam bolasidagi har bir yomon sifat shayton uchun quroldir, uning qalbiga kirish eshigidir.Bas, shunday ekan, murid o‘sha shayton kirishi mumkin bo‘lgan eshiklarning barchasini mazkur yomon sifatlardan qalbini poklash yo‘li bilan berkitishi lozim. Ana o‘shanda shayton murid qalbiga kirib qaror topa olmay qoladi. Faqat ba’zi kichik urinishlari qolishi mumkin. Bu kichik urinishlar esa Alloh taoloning zikri ila to‘siladi. Chunki haqiqiy zikr faqatgina qalb taqvo ila obod bo‘lgandan va yomon sifatlardan poklangandan so‘nggina yuzaga keladi. Qalbga ta’siri o‘tmaydigan zikr quruq gap o‘laroq shaytonni ham daf qilishga yaramaydi. Shuning uchun ham Alloh taolo «A’rof» surasida:«Taqvo qiluvchilar, agar ularga shaytondan bir sharpa etsa, albatta, zikr qilarlar, bas, ko‘ribsanki, ular (to‘g‘ri yo‘lni) ko‘ruvchi bo‘lib turibdilar, degan (201-oyat).Agar qalbda shaytonga qut bo‘ladigan narsa bo‘lmasa, u zikrning o‘zi bilan undan uzoqlashadi. Agar qalbda shahvatlar joylashgan bo‘lsa, undan shaytonni daf qilishga zikrning kuchi etmaydi.Yomon sifatlar va havoyi nafsdan xoli bo‘lgan taqvodor qalblarga shayton shahvatlar tufayli emas, zikrdan g‘ofil bo‘lgani uchun xuruj qiladi. Agar bunday qalbning egasi zikr qilsa, shayton darhol chekinadi.

30 Aprel 2022, 07:41 | Savol-javoblar | 204 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar