Halol taom borasidagi muztar holat

Assalomu alaykum Muhtaram Ustoz!Avvalambor Allohdan Uning yo‘lida hormay-tolmay qilayotgan barcha ishlaringizga madad, baraka va engillik ato etishini hamda ularning ajrini O‘zi munosib baholashini so‘rab qolamiz.Savolni Janubiy Koreaning immigra’iya xizmatiga tegishli mamlakatda noqonuniy ravishda yurgan chet elliklarni o‘z yurtlariga qaytarib yuborishdan avval saqlab turadigan, aksar tartib va sharoitlariga turmani eslatadigan joylaridan birida bo‘lgan birodarlarimizdan biri yo‘llamoqda.========================================== Bu erda halol taom haqida gapirishga hojat yo‘q. Ertalabga beradigan 2 ta tuxumning birini nonushtaga va ikkinchisini kechroq eymiz. Undan tashqari yana eyish mumkin bo‘lgan, biz bilgan bir narsa bor, u ham bo‘lsa suvda pishgan guruch. Haftada ba‘zan baliq beriladi. Mana shu ikkita narsaning o‘zinigina iste‘mol qilaverganimizdan va etarlicha oziqlana olmayotganimizdan sal kam 1 oy ichida holatimiz qiyinlashmoqda. Albatta quvvatni Alloh berishiga va qolgan narsalar sabab ekanligiga ishonamiz. Ayni damda yana qish fasli, kameralar etarli darajda isimaydi, hamyurtlar bilan bir joyga qo‘ymaydi. Savolimiz shundan iboratki, biz hozir iste‘mol qilayotgan narsadan tashqari odatda beriladigan taomlar ko‘p, lekin fikrimizcha xaromligi aniq bo‘lmagan, tarkibi bizga to‘liq ma‘lum bo‘lmaganligi uchun biz shubhalik deb qarayotgan non mahsuloti (bulochka) bor. Nazarimizda kundalik 2 ta tuxum va suvda pishgan guruch bilan birga faqat shu narsani eyish mumkindek. Lekin ushbu holatda bizga uni iste‘mol qilish mumkin yoki yo‘qligini aniq bilmaganimiz uchun olim kishidan so‘rashga qaror qildik. Uni eyish biz uchun joizmi, joiz bo‘lsa bu borada qanday tartib bor, joiz bo‘lmasa qanday yo‘l tutgan maqul deb maslahat berasiz?Javobingiz uchun avvaldan minnatdorchilik bildiramiz. ==========================================PS: Ushbu savol keng tarqalgan ixtilofli masalalar sirasidan bo‘lmaganligi va tezroq javobga ehtiyoj sezilganligi sababli birdan ortiq olim kishiga murojaat qilindi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Odatda non mahsulotlarining ko‘pi halol bo‘ladi. Faqat sizlarda shubha bo‘lsa, uning tarkibiga nima qo‘shilishini so‘rab o‘rganish mumkin bo‘lsa kerak. O‘sha siz turgan joydagi mas’ullarga ilojini qilib holatni tushintirish lozim. Albatta, holatdan uzoq bo‘lgan odamga maslahat berish oson. Ammo sizlar o‘zingiz urinmasangiz qiyin. Agar imkoni bo‘lsa, ilojini qilib o‘sha yurtdagi islom tashkilotlariga murojaat qilsangiz, yordam berishadi. Men ularning rahbarlariga aytib qo‘yganman.

3 May 2022, 12:32 | Savol-javoblar | 140 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar